Harbiy musiqa

Harbiy musiqa — qo’shinlarning harbiy mashq va tarbiya jarayonlari, tantanali (parad, ko’rik) va boshqa tadbirlarda qo’llanadigan musiqa asarlari. Harbiy orkestr hamda ayrim harbiy sozanda (asosan, fanfara, truba, baraban ijrochi)lar tomonidan chalinadi. O’tmishda jangovar harakatlarda, qo’shinlarni boshqarish, signal berish maqsadida ham qo’llangan. O’rta Osiyoda karnay, surnay, nog’oralarda zarbul-fath (g’alaba usuli)da kuylar, “Sarbozcha”, “Usmoniya”, “Askariy” kabi cholg’u kuylar chalingan. Asosiy janrlar tarkibi — qo’mondonlarni qarshi olish, saf tortish, yurish va motam marshlari, soqchilarni ko’rikdan o’tkazish uchun va boshqa cholg’u kuylar, shuningdek, harbiy (safda aytiladigan) qo’shiq va boshqalardan iborat. Harbiy musiqa — musiqaning qadimgi turi bo’lib, Qadimgi Misr, Ossuriya, Bobil, Xitoy, Yunonistonda keng rivoj topgan. Harbiy musiqaning zamonaviy turlari Yevropada 16-17-asrlarda muntazam (yollanma askarlardan iborat) qo’shinlar keng rivoj topishi munosabati bilan qaror topgan. O’zbekistonda Harbiy musiqa namunalaridan P.Makarovning “Saf marshi”, “yosh musiqachilar Marshi”, “Vatan marshi”, “soqchilarni ko’riqdan o’tkazish uchun musiqa”si (S.Yudakovning “Jon O’zbekiston” qo’shig’i asosida), R.Abdullayevning “Shodlik” marshi, shuningdek, “tankchilar marshi” (S.Cherneskiy), “G’alaba” marshi (N.Ivanov-Radkevich), “Yulduz marshi” (J.F.Suza), “Tantanali marsh” (P.Chaykovskiy), “Shahrizodaning Marshi” (V.Runov) kabi asarlar mashhur. Saf qo’shiqlaridan Sh.Dadajonovning “Qasamyod”, “O’zbekiston posbonlari”, “O’zbekiston Qurolli kuchlar qo’shig’i” va boshqalar, A.Nazarovning “Serjant”, P.Makarovning “askarlar qo’shig’i”, harbiy-vatanparvarlik ruhidagi asarlardan “xalqim”, “Yurtim” (Sh. Dadajanov), “Turkiston farzandimiz” (K.Rahmatov), “Yigitlar” (D.Qarshiyev) kabi qo’shiqlar ommalashgan.