Hashar
Hashar — o’zbeklar, ayrim boshqa turkiy xalqlar orasida udumga aylangan ijtimoiy hamkorlik va beg’araz yordam shakllaridan biri. Asosan, tezkorlik bilan bajarish zarur bo’lgan ishlar (hosilni zudlik bilan yig’ib olish) va katta mehnat talab inshootlarni bunyod etish (kanal qazish, yo’l va ko’priklar qurish)da qo’llangan. Hashar ariq qazish, imorat qurish kabi ishlarda bir necha kun ham davom etgan. Masalan, O’zbekistondagi Katta Farg’ona kanali umumxalq Hashar vositasida bunyod etilgan. 1966 yil 26 aprelda Toshkentda ro’y bergan zilzila oqibatlari ham umumxalq Hashar orqali tugatilgan. O’zbekiston istiqlolidan so’ng Hashar yangicha mazmun kasb etib, ro’za va Qurbon hayitlari, Navro’z, Mustaqillik bayramlari yoki muhim sanalar oldidan umumxalq xayriya Hashari o’tkazish an’anaga aylandi.