Haydegger Martin
Haydegger Martin (1889.26.9 — Meskirx, Baden -1976.26.5) — nemis faylasufi-ekzistentsialist. 1928-45 yillarda Freyburg, keyin Breysgau universitetlarida professor. Gusserlning shogirdi va izdoshi bo’lgan bo’lsa-da, asta-sekin undan uzoqlasha bordi. Borliq haqidagi ta’limot (“fundamental ontologiya”) ni rivojlantirdi; bu ta’limot asosida haqiqiy mavjudlik (ekzistentsiya) bilan kundalik. Oddiy dunyoni qarama-qarshi qo’yish yotadi; Haydegger fikricha, borliqning ma’nosini anglab etish inson mavjudligining bebaqoligini fahmlash bilan bog’liqdir. Haydeggerga ko’ra, borliqning, inson shaklining o’ziga xos xususiyati shundan iboratki, u nafaqat borliqning boshqa ko’rinishlarini, balki o’zini o’zi bilishga ham qodir. Shuningdek, inson borliqning boshqa shakllari bilan turli munosabatlar o’rnatish xususiyatiga ega. Shuning uchun ham bunday borliq, ya’ni inson ekzistentsiyasi — ontologiyaning poydevori bo’lmog’i kerak. Haydegger ta’limoti va u yaratgan o’ziga xos atamalar hozirgi zamon tafakkuri, xususan Yevropa falsafasi uchun kuchli turtki bo’ldi. Asosiy asarlari; “borliq va zamon” (1927), “Kant va metafizika muammosi” (1929), “zamon olam manzarasida” (1938), “burilish” (1949), “texnika haqidagi masala” (1953), “metafizikaga kirish” (1953).