Hind yozuvi
Hind yozuvi – Janub va Janub- Sharqiy Osiyoda tarqalgan, kelib chiqishidagi umumiylik va alifbolari tuzilishidagi yagona (fonetik) tamoyilga ko’ra o’zaro bog’liq ko’plab yozuvlar guruhi. Hind yozuvi ko’rinishlari Hindiston, Bangladesh, Pokiston, Nepal va Shri Lankaning o’zidan tashqari ularga qo’shni hududlarda — Tibet va Markaziy Osiyoda, Birmada, Hindixitoy yarim oroli hamda Indoneziyada ham tarqalgan. Hind yozuvining asosan milodiy 1-ming yillikda Hindistonga chegaradosh mamlakatlarga kirib kelishi bu hududlarga budda dini va adabiyotining tarqalishi bilan bog’liq. Hind yozuvining ko’rinishlari soni 20— 30 ta oralig’ida bo’lib, jadvalda ularning ba’zi muhimlarigina ko’rsatildi. Hindistonda yozuv kamida 5 ming yillik tarixga ega. Dastlab O’qilgan yodgorliklar (miloddan avvalgi 3-asrga mansub) keying yozuvlar uchun asos bo’lgan bo’g’inli brahmi yozuvida bitilgan bo’lib, bu yozuv chapdan o’ngga qarab yozilgan. Hindistonning shimoli-g’arbida miloddan avvalgi 3-asrdan milodiy 5-asrgacha brahmi bilan bir qatorda kharo’shthi yozuvi ham mavjud bo’lgan, lekin keyinchalik sekin-asta brahmi tomonidan siqib chiqarilgan. Brahmi yozuvining ilk yodgorliklaridayoq uning mahalliy ko’rinishlari ajrala boshlaydi. Keyinchalik ular asosida Hind yozuvining 3 asosiy; shimol, Janub va Janubi-Sharqiy tarmog’i shakllanadi. Alifbo harflari qat’iy vertikal va gorizontal chiziqlardan burchak hosil qilib yoziladigan shim. tarmoqqa quyidagi yozuvlar kiradi: 1) 6-10-asrlarda Markaziy Osiyoda sanskrit, sak va boshqa tillardagi matnlarni yozish uchun qo’llangan Gupta yozuvi; 2) 7-asrdan hozirgacha bir necha ko’rinishda ishlatilgan Tibet yozuvi;3) 7-8-asrlarda shakllangan va 10-11-asrlardagi qo’lyozmalarda qayd etilgan nagari yozuvi; uning keyingi davrdagi shakli — devanagari shimoliy Hindistondagi asosiy yozuvga aylanadi, hindiy, marathiy va boshqa tillarda, sanskritcha matnlarni yozish va nashr etishda qo’llanadi; 4) 8-asrdan Kashmirda ishlatiladigan sharada yozuvi; 5) 12-asrdan Nepalda qo’llangan va hozirgi kunlarda Devanagari tomonidan siqib chiqarilayotgan nevari yozuvi; 6) 15-asrda shakllangan va Bengal, Assom, sanskrit tillarida qo’llanadigan bengal yozuvi; 7) boshqa alifbolardan harflar ustidagi gorizontal chiziq o’rniga yoy shakli qo’llanishi bilan farq qiladigan oriya yozuvi; 8) nagarining kursiv shaklidan kelib chiqqan va harflar ustida chiziqning yo’qligi bilan ajralib turadigan gujarot yozuvi; 9) 16-asrda sikhlar tomonidan joriy etilgan Panjob yozuvi — gurmukhi. Bulardan tashqari, turli yozishmalarda, savdo va ish yuritish sohalarida ishlatiladigan kaythiy (hindiy tili tarqalgan joylarda), mahajaniy (Rajasthan shtatida va shu yerdan chiqqan savdogarlar orasida); Landa (Sind va Panjobda), mo’diy (Maharashtrada) va boshqa yozuv turlari mavjud. Hind yozuvining Janub tarmog’iga 5-6-asrdan shakllangan, biroq qo’lyozmalarda 16-asrdan boshlab qayd etilgan grantha yozuvi (sanskritcha matnlarni yozish uchun qo’llangan) hamda Janubiy Hindistondagi zamonaviy 4 adabiy til — Kannada, telugu, malayalam va Tamil tillaridagi matnlarni yozishda qo’llanadigan alifbolar kiradi. Bu tarmoqdagi yozuvlar harflarning dumaloq shaklda yozilishi bilan ajralib turadi. Hind yozuvining Janubiy-Sharqiy tarmogi Hindistondan tashqarida va asosan qadimgi pali yozuvi asosida shakllangan singal, kxmer, Laos, tay yozuvlarini, shuningdek, Hindixitoy va Indoneziyadagi eski yozuvlarni qamrab oladi. Mazkur yozuvlarning shakli shamoyilidagi o’xshashlik ular qo’llanadigan tillarning fonologik jihatdan o’xshashligini anglatmaydi. Masalan, Devanagari yozuvi Qindiy tiliga nisbatan harf-tovush yozuvi hisoblansa-da, boshqa ko’pchilik tillarda fonema va grafema o’rtasidagi nisbatning u yoki bu darajada buzilganligi kuzatiladi.