Hisobot

Hisobot — korxonalar, tashkilotlar, kompaniyalar tomonidan o’z faoliyati to’g’risida davriy (oy, chorak, yil) va belgilangan shaklda tuziladigan, davlat, statistika va moliya organlariga taqdim etiladigan axborot, ma’lumotlar, hisob- kitob hujjatlari. Balans Hisobot, moliyaviy Hisobot va statistik Hisobot, xo’jalik yurituvchi sub’нektlar faoliyatida muhim ahamiyatga ega. Balans Hisoboti — kompaniya buxgalteriya hisobotining asosiy shakli bo’lib, muayyan sana uchun kapitalni shakllantirish manbalari va kapital qo’yilmalar yo’nalishini tavsiflaydi. Ikki tomonlama jadval shaklida tuziladi; uning chap qismi (aktiv)da kapital tarkibi va uning joylashtirilishi to’g’risida ma’lumotlar, o’ng qismi (passiv)da kapital manbalari ko’rsatiladi. Aktivda asosiy va aylanma kapital ko’rsatkichlari, passivda o’ziniki bo’lgan va jalb etilgan kapital tuzilmasi va miqdorlari beriladi. Juda batafsil tuziladigan ichki balans kompaniya boshqaruvi tomonidan kompaniya faoliyatini rejalashtirish va boshqarishda, filiallar ishini nazorat qilishda foydalaniladi. Tashqi balans tashqi hisobotning boshqa shakllari bilan birga kompaniya faoliyati to’g’risida to’liq va ochiq axborot hisoblanadi. Davlat soliq va yuqori rahbarlik organlariga, fond birjalariga taqdim etiladi, aktsiyadorlar o’rtasida tarqatiladi, maxsus ma’lumotnomalarda e’lon qilinadi. Tijorat-savdo sirini saqlash maqsadlarida kompaniyalar balansida rasman ruxsat etilgan modda (band)larni guruhlash va umumlashtirishdan keng foydalaniladi (qisqa balans). Kompaniyalarning moliyaviy Hisoboti. Hisobot topshirishning majburiy shakli. Unga quyidagilar kiradi: kompaniyaning umumiy balansi; foyda va ko’rilgan zarar to’g’risida hisobot; pul mablag’lari harakati to’g’risida hisobot va kompaniya rahbariyatining umumiy majlisda ko’rib chiqish va tasdiqlash uchun kompaniya paychilari yoki aktsiyadorlari e’tiboriga havola etiladigan yillik dokladi. Korxonalarning statistik hisoboti iqtisodiyotdagi ayrim bo’g’inlarning ish ko’rsatkichlarini jamlash orqali tarmoqlar, mintaqalar va mamlakat iqtisodiy faoliyatining statistik ko’rsatkichlarini aniqlashga imkoniyat yaratadi. Dildora Saidova.