Hoji gaz-kondensat koni
Hoji gaz-kondensat koni – Buxoro viloyati Qorako’l tumanidagi kon. Gazli shahridan 50 kilometr Janubda 1969 yil topilgan va ishga tushirilgan. Kon Chorjo’y tektonik pog’onasidagi Chorjo’y ko’tarilmasining shimol qismida joylashgan, g’arbiy qismida 4 ta kichik qubbasimon struktura mavjud. Hoji gaz-kondensat konida paleozoy erasi, yura, bo’r, paleogen, neogen va to’rtlamchi davr jinslarida jami 14 ta burg’i qudug’i qazilgan. Sanoat miqyosidagi gazlilik yuqori yura davrining karbonat jinslaridagi gorizontlarda aniqlangan. 15—1-gorizontning o’rta qismida mahsuldor qat joylashgan bo’lib, 2151— 2177 metr chuqurlikda ochilgan, karbonat, gil va angidritlardan tarkib topgan. Gaz uyumining o’lchami 8×6,3 kilometr, balandligi 30 metr. 15—2-gorizont 2175-2203 chuqurlikda ochilgan, karbonat yotqiziqlarining quyi qismida joylashgan. Gaz uyumining o’lchami 7×6 kilometr, balandligi 26 metr. Gaz uyumlari tipi qatlamli, gumbazli. Ikkala gorizontdagi gazlarning kimyoviy tarkibi bir-biriga o’xshash. Gaz zichligi 0,630 g/sm quruq, o’rtacha kondensatli, yuqori oltingugurtli, kam azotli. Kondensat og’ir (0,82 g/sm), oltingugurtli, kam azotli. Hozirgi kunda kon sanoat miqyosida foydalanishga tayyorlangan.