Hojiyev Azim

Hojiyev Azim (1933.18.12, Toshkent viloyati Toshkent tumani) — tilshunos. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademik (2000), O’zbekiston Respublikasi fan arbobi (2000), Filologiya fanlari Doktori (1968), professor (1977). O’rta Osiyo universitetining Filologiya fakultetini tugatgan (1956). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi til va adabiyot institutida kichik, katta ilmiy xodim (1959— 69), bo’lim mudiri (1969-90), Direktorning ilmiy ishlar bo’yicha o’rinbosari (1969— 73; 1985-90), bosh ilmiy xodim (1998 yildan). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Tilshunoslik institutining direktori (1991-98), ayni paytda “O’zbek tili va adabiyoti” jurnalining bosh muharriri. Hojiyevning ilmiy ishlari o’zbek tili grafikasi va imlosi, morfologiyasi (xususan fe’l turkumi) va so’z yasalishi, leksikologiyasi va leksikografiyasi, terminologiyasiga, hozirgi o’zbek tilining shakllanish va rivojlanish tarixiga bag’ishlangan. O’zbek tilshunosligi tarixida alohida o’rin tutadigan “O’zbek tili grammatikasi” (1-2 jildlar, 1975-76), “hozirgi o’zbek adabiy tili. 1-qism” (1980), 2 jildli “O’zbek tilining izohli lug’ati” (1981), “O’zbek tili leksikologiyasi” (1981) va boshqa ilmiy asar, darslik, lug’atlar Hojiyev ishtirokida tayyorlangan. O’zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi, “Lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosini joriy etish to’g’risida”gi qonunlarini amalga oshirish maqsadida yangi alifbo asosida yaratilgan “O’zbek tilining asosiy imlo qoidalari” va “O’zbek tilining imlo lug’ati” (1995) ham Hojiyev rahbarligi va ishtirokida tuzilgan. Hojiyev hozirgi kunda nashrga tayyorlanayotgan 4 jildli “O’zbek tilining izohli lug’ati”ning asosiy tuzuvchilaridan. As: O’zbek tilida qo’shma, juft va takroriy so’zlar. T., 1963; O’zbek tili sinonimlarining qisqacha lug’ati, T.. 1963;O’zbek tilida ko’makchi fs’llar. T., 1966; to’liqsiz fe’l, T., 1970; O’zbek tili sinonimlarining izohli lug’ati, T., 1974; hozirgi o’zbek tilida forma yasalishi, T, 1979; O’zbek tilida so’z yasalishi, T, 1989; termin tanlash mezonlari, T., 1996; Tilshunoslik terminlarining izohli lug’ati, T., 2002.