Hojiyeva Oydin
Hojiyeva Oydin [1942.22.4, Buxoro (hozirgi Navoiy) viloyati Qiziltepa tumani Bo’ston qishlog’i] — O’zbekiston xalq shoiri (1992). ToshDUning filologiya fakultetini tugatgan (1965). “Sharq yulduzi” jur.da adabiy xodim (1965), bo’lim boshlig’i (1971 — 76), “Saodat” jurnalida bo’lim mudiri (1976-85), “gulxan” jurnali bosh muharriri (1985-94), “Milliy va ijtimoiy barqarorlik” jamg’armasi raisi (1993-95). “Saodat” jurnali va uning ilovasi “Gulchehralar” gazetasida bosh muharrir (1994 yildan). Ilk kitobi — “Shabnam” (1970). “Manzillar” (1971), “men sevgan qo’shiq” (1972), “orzu guli” (1974), “Tarovat” (1976), “Dostonlar” (1980), “Xushxabar” (1983), “mushfiq onajon” (1983), “chashmalarni izlayman” (1986), “Tamal toshi” (1988), “ishonch yulduzlari” (1989), “Ko’zimning oqu qorasi” (1996), “panohim” (1998) kabi she’riy to’plamlar muallifi. Ijodida inson qalbi kechinmalari xalqona ohanglarda o’ziga xos talqinini topgan (“Navo”, 1977). Vatanga muhabbat, ma’naviy poklik, til bilan dil rostligi, hayotning abadiy va unutilmas orzu-armonlari, inson matonati, xalqning beqiyos go’zal, olijanob qalbini kuylash, odamlarga munis, mehribon dardkash bo’lmoq istagi Hojiyeva ijodining bosh mavzusi hisoblanadi. Hojiyeva 90-yillarda ham Vatanparvarlik mavzuida turkum she’r va dostonlar yozdi (“Dard”, “ozod so’z yolqinlari”, “ziyorat” va boshqalar). Badiiy ijodni ijtimoiy faoliyat bilan qo’shib olib borgan shoiraning “Ruhimizga yong’in tushmasin”, “meni iztirobga solar bu o’ylar”, “millatning qayg’usi nima?” kabi publitsistik asarlarida til masalalari, o’zbek xotin-qizlarining og’ir dala mehnati muammolari aks etdi. Sh.Petefi, A.Miskevich, R.Kazakova, M.Dilboziy, Gulruxsor, M.Abdulqosimova, F.Ungarsinova va boshqa shoirlarning she’rlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan. She’rlari rus, ukrain, qozoq, qirg’iz, tojik, belorus, frantsuz, ingliz va urdu tillarida nashr etilgan. “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan (1999). As: Ko’zimning oqu qorasi she’rlar], T., 1996; panohim [she’rlar, hikoyalar, T., 1998.