Homidxonov Muzaffar Zohidxonovich
Homidxonov Muzaffar Zohidxonovich (1916.26.7 — Toshkent — 1972.25.6) — energetika sohasidagi olim, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademik (1968), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan va texnika arbobi (1966), texnika fanlari doktori (1961), professor (1962). O’rta Osiyo industrial institutini tugatgan (1940), shu institutda o’qituvchi, aspirant, Chirchiq elektrokimyo kombinatida sinovchi-muhandis (1941-45), Toshkent politexnika instituti (ToshPI) da dotsent, kafedra mudiri (1946-62), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi energetika va avtomatika instituti direktori (1956— 62), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Prezidiumi Bosh ilmiy kotibi (1962-70), ToshPI rektori (1971-72). “Fan va turmush” jurnali Bosh muharriri (1972). Asosiy ilmiy ishlari yangi samarali avtomatlashtirilgan o’zgaruvchan va o’zgarmas tok elektr asboblari nazariyasini, hisoblash usullari va ratsional sxemalarini ishlab chiqishga, tok va kuchlanish o’zgartirgichlari, ularni boshqarish va himoyalash qurilmalarini tatbiq etishga bag’ishlangan. Ventilli o’zgartirgichlar orqali ta’minlanadigan va avtomatik tarzda boshqariladigan chastotali sozlovchi elektr yuritmalarni ishlab chiqqan. Ilmiy ishlanmalari bir necha korxona (masalan, Chirchiq elektrokimyo kombinati, Chirchiq—Bo’zsuv GES lari kaskadi, “Toshqishxo’jmash” zavodi) ga tatbiq qilingan. Beruniy nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1970). Toshkent texnika universiteti binosiga edgorlik lavhasi o’rnatilgan. Toshkent shahar ko’chalaridan biri Homidxonov nomi bilan atalgan. As: Chastotnoe upravlenie asinxronnim elektroprivodom, T., 1959; Elektrik yuritma va uni boshqarish asoslari (darslik), T., 1970 (hamkorlikda); Kompentsionnne vtryamiteli, T., 1973 (v soavtorstve).