“Hosildor”

“Hosildor” — ertapishar, mahalliy xo’raki olma navi. Xalq selektsiyasi yo’li bilan chiqarilgan. Daraxti o’rtacha bo’yli, shox-shabbasi baquvvat, sharsimon, balandligi 4,9 metr. Guli o’rtacha, ikki jinsli, o’zidan changlanadi, shuningdek, Toshkent borovinkasi, Samarqandning olmasi navlari yaxshi changlatuvchi hisoblanadi. Hosildorligi o’rtacha, yiliga 15 yoshli daraxti 260 kilogrammgacha meva beradi. Mevasi iyun oxiri — iyul boshlarida pishadi. Mevasining og’irligi 130-160 gramm, dumaloq, uchi cho’ziqroq. Po’sti o’rtacha qalinlikda, sarg’imtir och-yashil, qizg’ish yo’llari bor. Eti oq, o’rtacha tig’iz, o’rtacha sersuv, shirin-nordon. Ko’chati o’tqazilgandan so’ng 2-3 yili hosilga kiradi, 5-6-yili to’liq hosil bera boshlaydi. Yangiligida eyiladi, qoqi solinadi, konserva qilinadi, uzoq joylarga yuborishga yaroqli. O’zbekistonning barcha viloyatlari, Turkmaniston va Janubiy Qozog’istonda rayonlashtirilgan.