Hud

Hud — Qur’onda zikr qilingan payg’ambarlardan biri. Qur’onga ko’ra, u Od qavmidan bo’lib, o’z qavmini hidoyatga boshlash uchun payg’ambar qilib yuborilgan. Bu qavm gavdali, jismonan baquvvat kishilar bo’lib, Yaman va Ummon o’rtasidagi Ahqof degan joyda yashagan. Ular butlarga sig’ingan, yolg’iz Allohga ibodat qilishga da’vat etgan Hudni tahqirlab, yolg’onchi va aqli zaif deb atashgan. Hud o’z qavmini agarda yolg’iz Allohga ibodat qilmasalar avvalda o’tgan sarkash qavmlarga bo’lgani kabi, bularga ham Allohning azobi nozil bo’lishidan ogohlantiradi. Ammo Od qavmi bari bir o’z zalolatida davom etaverdi va Hudga itoat etmadi. Shundan so’ng Alloh 3 yil yomg’ir yog’dirmay, qurg’oqchilikka giriftor etsa ham, bu qavm tavba-tazarru qilmagan. O’z qavmining imon keltirishidan umidini uzgan Hud o’ziga imon keltirgan mo’minlar bilan Makkaga ketib o’sha yerda vafot etgan. Hidoyatga yurmagan qavm ustiga esa Alloh kuchli bo’ron yuborib, hammalarini halok qildi (“Al- hoqqa” surasi, 6-7-oyatlar).