HUQUQIY DAVLAT

HUQUQIY DAVLAT — o’z faoliyatida huquq tomonidan cheklangan davlat. Davlat va huquq nazariyasining asosiy kategoriyalaridan biri bo’lib, butun faoliyati huquqqa bo’ysunadigan davlatning ideal tipini ifoda etadi. U shaxs erkinligi, xavfsizligi va sha‘nini himoya qiladi, xalq irodasiga itoat etadi. Inson va davlat munosabatlari konstitutsiya bilan belgilanadi va ular bir-birlariga nisbatan mas‘uldirlar. U rivojlangan fuqarolik jamiyati mavjudligini, qonun ustivorligi, shaxs erkinligi, huquqlarning kafolatlanishi; hokimiyatlar bo’linishi; qonunlar bajarilishini nazorat mexanizmlari va konstitutsiyaviy nazoratning mavjudligiga asoslanadi. Hozirgi kunda etishish lozim bo’lgan maqsad tarzida qaraladi. Davlatning rivojlanganlik darajasini belgilab beradi va uning quyidagi belgilari mavjud: a) fuqarolarning huquq va erkinliklarini huquqiy va har tomonlama kafolatlanishi; b) huquq va qonunning ustuvorligi; v) qonunlarning to’g’ri amal qilishi; g) fuqarolarning davlat oldidagi mas‘uliyati va aksincha davlatning fuqarolar oldidagi mas‘uliyati; hokimiyatlarning taqsimlanish prinsipini amaliyotga tatbiq qilinishi; d) jamiyat tomonidan qo’llab-quvvatlanadigan, demokratiya, qonuniylik va konstitutsiyaviylik rejimlarining mavjudligi. Huquqiy davlatning shakllanishi va faoliyat yuritishning muhim shart-sharoitlaridan bo’lib quyidagilar hisoblanadi: mamlakatda fuqarolik jamiyatining shakllanganligi; jamiyatning barcha yoki ko’pchilik a‘zolarining siyosiy va huquqiy ongining yuqori darajada ekanligi; ularning mamlakat ijtimoiy va siyosiy hayotida faol ishtirok eta olishi uchun umuminsoniy madaniyatga ega bo’lishi; mamlakatda bir-biriga zid bo’lmagan yagona qonunchilik tizimining mavjudligi. Huquqiy davlat nazariyasi bilan uni amalga oshirish o’rtasida katta farq bor. Hozirgi paytda huquqiy davlat nazariyasi dunyodagi ko’pgina davlatlarning konstitutsiyalarida o’z aksini topgan. Masalan, 1978-yilda qabul qilingan Ispaniya Konstitutsiyasining 1- moddasi 1-bandida quyidagilar mustahkamlab qo’yilgan: «Ispaniya – bu sotsial, huquqiy va demokratik davlat bo’lib, bu davlatda oliy qadriyat erkinlik, adolat, tenglik va siyosiy hurfikrlilik hisoblanadi». 1949-yilgi GFR asosiy qonunga ko’ra «Germaniya Federativ Respublikasi demokratik va sotsial federativ davlat bo’lib hisoblanadi» (20-modda) hamda ularning konstitutsiyaviy tuzilmasi Asosiy Qonunga zid kelmasligi kerak (28- modda). Huquqiy davlat to’g’risidagi g’oyalar Avstriya, Gretsiya, Italiya, Fransiya, Shvetsiya, Shveytsariya va boshqalar bir qator yuqori darajada rivojlangan davlatlarning konstitutsiyalarida belgilab qo’yilgan. 1993-yilgi Rossiya Konstitutsiyasida huquqiy davlat to’g’risidagi g’oya to’g’ridan-to’g’ri o’z aksini topgan. Uning birinchi moddasida «Rossiya Federatsiyasi – Rossiya respublika boshqaruv shaklidagi demokratik, federativ, huquqiy davlatdir»,–deb yozib qo’yilgan. 1992-yilda qabul qilingan O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini muqaddimasida ham huquqiy demokratik davlat to’g’risidagi g’oya o’z ifodasini topgan. Huquqiy davlat to’g’risidagi g’oya va nazariyalarni dunyodagi ko’pchilik mamlakatlar tan olsalarda, ammo uni amaliyotda hamma davlatlar to’laligicha qo’llamaydilar. Hozirgi paytda huquqiy davlat to’g’risidagi g’oyani to’liq hayotga tatbiq qilgan biron-bir davlatni uchratmaysiz. Huddi shu ma‘noda huquqiy davlat to’g’risidagi nazariyalar har qanday demokratik davlat intilishi kerak bo’lgan ideal, etalon vazifasini o’taydi.