Huquqiy ong
Huquqiy ong – ijtimoiy ong shakli; jamiyat a’zolarining mavjud huquqiy munosabatlar va huquqni tushunishi, huquq-tartibot haqidagi tasavvurida o’z aksini topadi. Huquqiy ong nafaqat amaldagi huquq, balki uning tarixi, shuningdek boshqa jamiyatlardagi voqeliklarni bilishni ham o’z ichiga oladi. Alohida shaxs, guruh va jamiyatning Huquqiy ongi ajratib ko’rsatiladi. Huquqiy ong huquqiy mafkura va huquqiy psixologiyadan tashkil topgan. Huquqiy mafkura — har xil huquqiy hodisalar haqidagi nuqtai nazar, tushuncha, g’oya va qarashlarning ilmiy umumlashtirilgan tizimidan iborat. Huquqiy ongning huquqiy mafkura qismida aksini topgan huquqiy hodisalar huquqqa bag’ishlangan maxsus nazariy izlanishlarda o’z rivojini topib, ilmiy darajada anglab yetiladi. Bunday ilmiy asarlarning mazmuni odamlar ma’naviy mulkiga aylanib, ularning ongiga aniq huquqiy bilimlarni, mulohazalarni, e’tiqod va kayfiyatni olib kiradi. Huquqiy mafkura — shaxsning Huquqiy ongini ilmiy asosda shakllantira borib, huquqqa, odamning huquqqa bo’lgan munosabatiga hal qiluvchi ta’sir qiladi. Huquqiy psixologiya — huquqiy hodisalarni hissiyot bilan anglashdir. Odam ijtimoiy hodisalarni, jumladan, huquqiy munosabatlarni nafaqat aql bilan, balki sezgi bilan ham tushunib etadi. Huquqiy ong darajasi jamiyat a’zolarining huquqiy ma’lumotlariga ham bog’liqdir. Shunga ko’ra, fuqarolarning huquqiy madaniyat darajasini ko’tarishga ko’mak beradigan huquqiy axborot tizimini tashkil qilishning ahamiyati katta. Huquqiy madaniyatning darajasiga qarab, Huquqiy ong 3 turga ajratiladi: oddiy, ilmiy va kasbiy. Oddiy Huquqiy ong, odatda, o’z-o’zidan vujudga keladi va odamning shaxsiy tajribasi, huquqiy hodisalar bilan bog’liq bo’lgan hayotiy vaziyatlar haqidagi tushunchasi bilan belgilanadi. Bunga odamning ishga joylashuvidagi yoki oliy o’quv yurtiga kirish qoidalari yo bo’lmasa yo’l qoidasini buzganligi uchun javobgarligi haqidagi bilimlar misol bo’la oladi. Huquqiy ong borliq haqidagi oddiy tushunchalar chegarasida qolib ketmaydi, doimo rivojlana borib, nazariy, ilmiy tushunchaga aylanadi. Ilmiy Huquqiy ong ijtimoiy huquqiy haqiqatni u yo bu darajada to’g’ri aks ettiruvchi bilimlar tizimini o’z ichiga oladi. Kasbiy Huquqiy ong esa yuridik oliy o’quv yurtlarida o’qish natijasida shakllanadi, so’ngra, huquqiy amaliyot jarayonida sayqallanadi. Huquqiy fanlar vakillari, huquqshunos amaliyotchilar uning sub’yektlari hisoblanadi. Huquqiy ong jamiyat hayotining ijtimoiy-siyosiy sharoitlari, uning madaniy-huquqiy, demokratik yoki avtoritar an’analari bilan belgilanadi. Nurali Javliyev.