Husayn ibn Ali

Husayn ibn Ali (626-680) – Ali ibn Abu Tolibning (Fotimadan tug’ilgan) kichik o’g’li, Muhammad (sav) ning nabirasi, 3-shia imomi. 669 yilda Hasan vafot etgandan keyin Ali tarafdorlari uni o’z rahbari deb e’lon qilgan. 680 yil xalifa Muoviya o’lgandan keyin Iroqda umaviylarga qarshi harakat faollashgan. Husayn Yazidga bay’at qilishdan bosh tortgan. Kufa shialari Husaynni o’zlarining imomi deb tan olib, Kufaga taklif etgan va xalifa Yazidga qarshi qo’zg’olonga bosh bo’lishni so’ragan. Husayn Makkadan Kufaga jo’naydi. 70 jangchisi bilan Kufaga yaqin Karbalo dashtiga etib kelganida 4 ming kishilik xalifa Yazid qo’shinlari unga qarshi chiqqan. 680 yil 10 oktabr kuni Husayn jangda shahid bo’lgan, jasadi o’sha yerga dafn etilgan. Shu munosabat bilan Karbalo shialarning asosiy muqaddas ziyoratgohiga aylangan. Husayn halok bo’lgan sana shialarda motam kuni sifatida nishonlanadi.