IBN AL-FAQIH ABU BAKR AHMAD IBN ISHOQ AL-HAMADONIY
IBN AL-FAQIH ABU BAKR AHMAD IBN ISHOQ AL-HAMADONIY (10-asr) — o’rta asr Arab geografi, tarixchisi va muxaddisi. Hamadonda tug’ilgan. Abbosiylardan xalifa Al-Mu’tazid (892-902) va Al-Muqtafiy (902-908) davrida “Kitob Axbor al-buldon” (“Mamlakatlar to’g’risidagi xabarlar kitobi”) asarini yozgan (902-908). Uni yozishda o’zidan oldin o’tgan Ibn Fazlon, Abu Dulaf, Al-Johiz, Almadoiniy, Al-Balozuriy, Ibn Qutayba asarlaridan foydalangan. Asarda qit’alar va dengizlarni, Xitoy, Hindiston, Arab mamlakatlari, Vizantiyani tavsif qilgan, O’rta Osiyoning viloyat, shaharlari tarixi, geografiyasi, turkiy xalqlar ta’rifi va ularning joylashishi to’g’risidagi ma’lumotlar muhim ahamiyatga ega. Asarning O’rta Osiyoga bag’ishlangan qismini De Gue nemischaga tarjima qilib, nashr ettirgan (1885).