IBN RUSTA

IBN RUSTA, Abu Ali Ahmad ibn Umar ibn Rusta (9-asr 2-yarmi, Isfahon — 10 asr boshi) — geograf, Arab tilida ijod qilgan. 903 yilda haj ziyoratiga borgan. 7 jilddan iborat “kitob al- a’loqannafisa” (“qimmatbaho durlar haqida kitob”) entsiklopedik asarini 903 yilda yozgan. Asarning astronomiya va geografiyada oid faqat yettinchi jildigina bizgacha yetib kelgan. Muallif asarni yozishda Ahmad al-Farg’oniy, Abu Ma’shar al-Balxiy, Ibn Hurdodbeh kabi taniqli olimlarning asarlaridan foydalangan. Ibn rusta asarida yer yuzidagi dengizlar, daryolar, yetti iqlim, turli o’lkalar (Arabiston yarim oroli, Eron-zamin, ikki daryo oralig’i (Mesopotamiya), Misr, kichik Osiyo yarim oroli, Hindiston sharqi va boshqalar), xalq va elatlar, shaharlarning geografik tasviri berilgan. Amudaryoning quyi oqimi va Orol dengizining sohillari birinchi marta Ibn rusta asarida batafsil yoritilgan. Asar ilmiy-ommabop tarzda yozilgan va unga o’simlik hamda hayvonot olamiga tegishli ajoyib hikoyatlar badiiy tarzda ilova qilingan; Yevropada ilmiy nashr etilgan (1892).