IBN TAYMIYA

IBN TAYMIYA, Taqiy addin Ahmad (1263, Harron, Suriya — 1328, Damashq) — hanbaliylik mazhabiga mansub faqih va ilohiyotchi olim. 1269 yil otasi oilasi bilan Damashqqa ko’chib o’tadi. Ibn Taymiya dastlab otasi asos solgan Sukkariya madrasasida ta’lim oladi, so’ng 21 yoshida shu madrasaga o’zi mudarrislik qiladi. 1296 yil Damashqdagi hanbaliya madrasasida saboq berdi. 1306-12 yillarda Misrda yashadi. Shu davrda u Misr ilohiyotchilari bilan keskin bahslar yuritdi va natijada 2 marta zindonga tushdi. 1313 yil Damashqqa qaytib yana mudarrislik faoliyatini davom ettirdi. Ammo, bu yerda ham 1321 va 1326 yil zindonga tushadi va tutqunlikda vafot etadi. Ibn Taymiya o’z dunyoqarashi bo’yicha hanbaliylik mazhabining Salafiya oqimiga mansub edi. U Muhammad (as) sahobalarining fikrlarini 4 mazhab asoschilarining ta’limotlaridan ustun qo’yish, ijtihod masalasida esa Qur’on va hadis matnlari bilan cheklanish tarafdori edi. Ibn Taymiya Islomning “sof” ligi uchun kurashib, falsafa, kalom (xususan, ash’ariylar) ni, avliyolarga sig’inish va Muhammad(as) qabrini ziyorat qilishni keskin qoraladi. Siyosat bobida Ibn Taymiya davlat va dinning birligi g’oyasini targ’ib etdi. Ibn Taymiya yozgan ilmiy va diniy asarlar o’rta asrlar Islom merosining tarkibiy qismini tashkil etadi va hamma tomonidan e’tirof qilinadi. Ammo ayni vaqtda hanbaliylik ta’limotining to’da shakllanishida katta xizmat qilgan bu asarlar yaqin Sharq tarixining keyingi davrlarida Islom oqimlari uchun nazariy asos rolini o’ynay boshladi. Hanbaliylarga xos ijtimoiy-siyosiy faollik Ibn Taymiya asarlarida yuqori darajaga ko’tarilganining sababi shundaki, u davrda Suriya (Shom) dan Sharqda joylashgan yerlar mo’g’ullar qo’l ostida, ammo aholisi musulmon edi. Hatto Eron va Iroqda hukmron bo’lgan ilxonlar (Xulaguiylar) ham Islomga kirgandilar. Lekin Ibn Taymiya ularni haqiqiy musulmon deb hisoblamas, ularga qarshi jihodga da’vat etardi. Ibn Taymiya g’oyalarini keyinchalik bir necha diniy-siyosiy harakatlar, jumladan, vahhobiylar kengaytirdilar va Islomda eng keskin ta’limotni barpo qildilar. Ibn Taymiya asarlaridan vahhobiylar o’zlarining g’arazli maqsadlarida foydalanadilar. Shunga qaramay Ibn Taymiya asarlarida Islomiy mafkuraning ahli sunna yo’nalishiga va huquqshunoslikka oid muhim ma’lumotlarni ham uchratish mumkin. Ahadjon Hasanov.