IBN TULUN MASJIDI

IBN TULUN MASJIDI – Qohira (Misr) dagi me’moriy yodgorlik. Misr noibi Ahmad ibn Tulun qurdirgan (876— 79). Masjid murabba tarhli (162×162 metr), 3 tomondan qo’sh ravoq va g’ishtin devor (balandligi 12 metr) bilan o’ralgan. Devor va ravoqlari pishiq g’ishtdan. Hovli (92×92 metr) ning Janubiy qismidagi xonaqoh 5 ko’ndalang nefga bo’lingan. Har bir nefda 17 ta ravoqlar qatori joylashgan. Ravoqlarning uzun yo’li qiblaga qaratilgan. Ravoqlar taqasimon shaklda bo’lib, to’rtburchakli ustunlarga tayangan. Ravoq burchaklari (bag’ali) kichik bezakli ravoqchalar bilan bezatilgan. Tepasi dandana bilan yakunlangan. Shifti naqshlar bilan bezatilgan. Har bir beshinchi ravoq va mehrobning taqasimon hoshiyasiga o’yma naqshda kufiy yozuvi bitilgan. Masjid hovlisida 1000 ga yaqin kishi namoz o’qiydi. Murakkab uslubda, ohaktoshdan qurilgan Minora (balandligi 40, 44 metr) 4 qismga ajratilgan. Asosi murabba tarxli, yuqorisi burama shaklda. Masjid tomidagi taqasimon tosh ko’prik orqali aylanma zinadan minora yuqorisiga chiqiladi. Hovli o’rtasida gumbazli Sardoba qurilgan (1296). Ibn Tulun masjidi milliy me’morlik an’analarini o’zida mujassam etgan yaxlit me’moriy inshootdir.