IBN ZAYLA

IBN ZAYLA, Abu Mansur Husayn bin Muhammad bin Tohir bin Umar Zayla (? — 1048) — qomusiy olim, musiqashunos. Zahiriddin Bayhaqiyning ma’lumoticha, isfahonlik. Ibn Sinoning yaqin shogirdi va safdoshi. O’z davrida turli (tibbiyot, tabiiy va aniq) fanlar bilimdoni (ko’p asarlari ma’lum) bo’lganligidan Hakim (donishmand) deb yuritilgan. “Kitob al-kafi Fi al- musiqa” (“musiqaga oid to’liq kitob”) asari mashhur bo’lib, uning 2 qo’lyozmasi bizgacha yetib kelgan (London, Britaniya muzeyi kutubxonasi hamda Hindiston, Rampur shahridagi rido kutubxonasida saqlanmoqda; Arab musiqashunosi Zakariya Yusuf bu kitobni 1964 yil Qohirada nashr ettirdi). Unda Movarounnahr va Huroson xalqlari musiqa madaniyatiga oid ma’lumotlar mavjud. Jumladan, o’sha davrda keng tarqalgan musiqa janrlari, kuy va qo’shiqlar, musiqa cholg’ulari haqidagi ma’lumotlar, shuningdek, ta’lif (kompozitsiya), iyqo (usul-ritm), vazn va ohang muammolari yoritilgan.