IBROHIM IBN NASR

IBROHIM IBN NASR, Bo’ritegin, Tamg’achxon Ibrohim (? — taxminan 1070) — Movarounnahrdagi G’arbiy Qoraxoniylar xoqonligi asoschisi (1040-70). Qoraxoniylarpan. Otasi — Nasr ibn Ali. Iloq hokimi (1017— 21). Bu yerda Bo’ritegin, Amir va Malik unvonlari bilan tangalar zarb ettirgan. Qoraxoniy beklaridan Alitegin turkmanlar yordamida Movarounahrni bosib olgan paytda (1025) Ibrohim ibn Nasr uning farzandlari qo’liga asir tushgan. 1037 yil asirlikdan qochib Xo’jandni egallagan. Biroq, akasi, Farg’ona xukmdori Muhammad bilan chiqisha olmay, Janubga yo’l olgan va Chag’oniyonni bosib olgan. Bu yerda kuch to’plab Movarounnahrning Markaziy hududlariga bostirib kirgan va Kesh, Samarqandni egallagan (1040). Ibrohim ibn Nasr o’zini Tamg’achxon deb e’lon qilgan va mustaqil davlat birlashmasi — G’arbiy Qoraxoniylar xoqonligiga asos solgan. Ibrohim ibn Nasr 1041-42 yillarda Buxoroni egallagan. 1043 yil Chag’oniyonni G’aznaviylar, so’ngra bir oz vaqtdan keyin Saljuqiylar bosib olgan. Ibrohim ibn Nasr Saljuqiylar bilan Termiz va Balxga egalik qilish uchun kurashgan. 11 -asr o’rtalarida Sharqiy xoqonlikni qamrab olgan o’zaro janjallar, nizolardan foydalanib Ibrohim ibn Nasr Farg’ona, Shosh, Isfijob, Taroz va hatto Qoraxoniylarning Chu vohasida joylashgan asosiy poytaxti Bolasog’unni ham egallab olgan. Biroq, shunga qaramasdan, u Samarqandni o’z poytaxtiligicha qoldirgan. Umrining oxirida falaj bo’lib qolgan Ibrohim hokimiyatni o’g’li Shamsulmulkka topshirgan. Tamg’achxon Ibrohim o’qimishli, aqlli va tadbirkor xoqon bo’lgan. O’z siyosatida ulamolarga tayanib ish yuritgan. U Samarqandda tartib-osoyishtalik o’rnatish va uning xavfsizligini ta’minlash to’g’risida alohida g’amxo’rlik qilgan, o’g’rilik va talonchilik uchun qattiq jazolagan. Qurilish ishlariga katta e’tibor bergan. Masalan, 1066 yil uning buyrug’i bilan Qusam ibn Abbos maqbarasiga yaqin joyda madrasa qurilgan, shuningdek, Samarqandda qasr ham qurdirganligi ma’lum. Ad.: Kochnev B. D., Ibraxim ibn Nasr — sozdatel Zapadnogo Karaxanidskogo kaganata. Drevnie tsivilizasii Evrazii. Istoriya i kultura, M., 1998; Samarkand tarixi, 1-j., T., 1971. Faxriddin Hasanov.