Ibtidoiy san’at

Ibtidoiy san’at-ibtidoiy jamoa tuzumi davri san’ati Ilk namunalari hozirgi tipdagi odam paydo bo’lgan so’nggi paleolit davri (taxminan miloddan avvalgi 30-mingyilliklar)ga mansub. Ibtidoiy san’at ibtidoiy jamoa kishisiga dunyoni o’zgartirishda orttirgan tajribalarini avloddan-avlodga uzatuvchi kuch, dunyo to’g’risidagi tushuncha va bilimlarini aks ettiruvchi vosita bo’lib xizmat qilgan. Tasvirlash ibtidoiy odam uchun o’z tushuncha va ma’naviy madaniyatini, tasavvurini ifodalashga xizmat qilgan. San’atning yuzaga kelishi insoniyat taraqqiyotida buyuk bosqich bo’ldi. Ibtidoiy jamoa ichida ijtimoiy aloqalarning yuzaga kelishiga, ma’naviy olam, ularning go’zallik haqidagi tushunchalari shakllanishiga xizmat qilgan san’at o’z rivojida animism (tabiat hodisalariga insoniy fazilatlarni berish) va totemism (hayvonlarga sig’inish, urug’ jamoasi kelib chiqishining biror hayvonga taqalishi) kabi afsona va qarashlarga tayangan.