ICHKI ENERGIYA

ICHKI ENERGIYA — jismning faqat ichki holatiga bog’liq bo’lgan energiya; jismni tashkil etuvchi molekulalarining xaotik (tartibsiz) ilgarilanma va aylanma harakat kinetik energiyalari bilan molekulalarning o’zaro ta’sirlashishi natijasida vujudga kelgan potentsial energiyalari hamda molekulalardagi atomlarning xaotik tebranma harakat kinetik va potentsial energiyalarining umumiy yig’indisiga teng. Jismlar sistemasining Ichki energiyasi har bir jismning alohida olingandagi Ichki energiyalari yig’indisi bilan jismlar orasidagi o’zaro ta’sir energiyasining yig’indisidan iborat.