ICHKILAR

ICHKILAR — Movarounnahrda (temuriylar, Shayboniylar) va Hindistonda (Boburiylar) hukmdor saroyida xizmat qiluvchi navkarlar, xos qo’riqchilar, mulozimlar va beklar. Asosan, hukmdorga yaqin va sodiq zodagonlar safidan o’rin olgan Ichkilar zarur vaqtlarda harbiy harakatlarda ham ishtirok etgan: “G’o’lda Qosimbek va yovuq ichkilar edi” (Boburnoma). Ichkilar ba’zan ichki beklar istshyuhi bilan ham yuritilgan. Boburning ta’kidlashicha, Ichkilar davlat oldidagi ulkan xizmatlari evaziga ulug’beklar darajasiga ko’tarilgan hamda saltanatdagi mavjud imtiyozlarga ega bo’lgan. Hukmdor saroyidan uzoqdagi viloyat va tumanlarda faoliyat kursatuvchi beklar — tashki beklar yoki sarhad beklari deb yuritilgan.