IDALGO

IDALGO, Idalgo-ikostilya, Migel (1753.8.5, Korralexo — 1811.31.7, Chiuaua) — Meksikaning milliy qahramoni; Ispaniyaga qarshi milliy ozodlik urushiga aylangan xalq qo’zg’oloni (1810-11) rahbari. Valyadolid (hozirgi Moreliya) dagi diniy seminariyani tugatgan, u yerda avval o’qituvchi, so’ng rektor bo’lgan. Frantsuz entsiklopedistlarining g’oyalarini tarqatgani uchun oddiy qishloq cherkovi ruhoniysi darajasiga tushirilgan. Idalgo mamlakat mustaqilligi, indeys xalqining iqtisodiy va huquqiy ahvolini yaxshilash yo’lidagi chiqishlarini davom ettirgan. Idalgo Dolores shahrida xalqqa murojaat qilib ispanlarga qarshi ozodlik urushini boshlashga chaqirgan (“Dolores da’vati”) va dehqon-indeyslar, kon ishchilari va peonlardan iborat inqilobiy armiyaga bosh bo’lgan. Noyabrda Gvadalaxara shahrida Idalgo boshchiligidagi hukumat tuzilgan. Hukumat qulchilikni bekor qilinganligini e’lon qilgan, indeyslarga jamoa erlarini qaytarish va soliqlarni kamaytirish haqidagi qonunlarni chiqargan.