Idiotiya

Idiotiya (Yunoncha idioteia — nodonlik), tentaklik, telbalik — tug’ma oligofreniyanknt eng og’ir shakli, aql, nutq va tafakkurning mutlaq rivojlanmaganligi bilan ifodalanadi. Ona qornidaligidayoq bola miyasining rivojlanmay qolishi Idiotiyaga sabab bo’ladi. Bemorning diqqat-e’tibori beqaror bo’lib, atrofdagi voqelikni to’liq idrok eta olmaydi, odatdagi ta’sirotlarga beradigan javoblari ham nomunosib bo’ladi. Nutq esa g’alati tovushlar chiqarish yoki ayrim oddiygina so’zlarni takrorlayverish bilan chegaralanadi, atrofdagilarning so’zlarini deyarli tushunmaydi. Harakatlar ham poyma-poy, ba’zan esa bir maromdagi oddiy harakatlarni muntazam takrorlayverishdan iborat bo’ladi. Hissiyot beqaror, oddiy ehtiyojlarning qondirilishi yoki qondirilmasligiga bog’liq bo’lib, bemor salga g’azablanishi, o’ziga yoki atrofdagilarga nisbatan tajovuz qilishi ham mumkin; u isqirt, toza yoki iflos narsalarning farqiga bormaydi. Bundan tashqari, ularda bir qancha jismoniy kamchiliklar ham uchraydi. Bunday bemorlar atrofdagilar (qarindosh-urug’lari, yaqin kishilari va davolash muassasalari xizmatchilari) nazoratiga va parvarishiga muhtoj bo’ladi.