IHOTA DARAXTZORLARI

IHOTA DARAXTZORLARI – qishloq xo’jalik ekinlari, chorvachilik fermalari, kanallar, aholi punktlari, avtomobil va temir yo’llar, suv omborlari va boshqa ob’yektlarni tabiatning noqulay hodisalari (qurg’oqchilik, tuproq eroziyasi, sel, qor va boshqalar)dan saqlash va mikroiqlimni yaxshilash maqsadlarida barpo qilinadigan o’rmon daraxtzorlari. Ular o’rmon massivlari, tasmasimon va tup-tup shaklda bo’lishi mumkin. Bu daraxtzorlar o’rmonlarning 1-guruh toifasiga kiradi. Bajaradigan vazifasiga qarab Ihota daraxtzorlari quyidagi guruhlarga bo’linadi: davlat ihota o’rmonzorlari; lalmi yerlardagi Ihota daraxtzorlari; kanallar atrofidagi ihota o’rmonzorlari; sug’oriladigan yerlardagi dala o’rmon ihotazorlari; tog’ qiyaliklaridagi suvlarni tartibga solish ihotazorlari; jarliklar atrofidagi o’rmon ihotalari; tog’ meliorativ Ihota daraxtzorlari; yaylov o’rmon ihotazorlari; Fermalar atrofidagi o’rmon ihotazorlari; yashil soyabonlar; ko’chma qumlarda barpo etilgan o’rmon ihotazorlari va boshqalar. Ihota daraxtzorlarini barpo etishda asosiy (himoyalovchi), yo’ldosh (tuproqning vertikal kesimini zichlaydigan) daraxtlar va buta (tuproqni eroziyadan himoyalaydigan) lardan foydalaniladi. Ihota daraxtzorlarining quyidagi turlari ko’proq qo’llanadi: lalmi va sug’oriladigan yerlarda daraxt va butalar ekib, 2-4, ba’zan 5 qator dala ihota daraxtlari mintaqasi hosil qilinadi. Shamol kuchli bo’lgan mintaqalarda (Farg’ona vodiysining Qo’qon tumanlari guruhi, Mirzacho’l va sh.k.) 4-5 qatorli panjarasimon daraxtzor mintaqalari (mintaqaning butun vertikal kesimi bo’yicha bir xil oraliqda yo’laklar qoldiriladi) yaxshi samara beradi. Dala ihota daraxtzor mintaqalari shamol tezligini pasaytiradi, tuproqni shamol eroziyasidan saqlaydi, qorning bir tekisda to’planishiga va namni saqlashga imkon beradi. Suvni tartiblovchi daraxtzor mintaqalari qiyaroq qishloq xo’jalik yerlarida barpo qilinadi. Ularning asosiy vazifasi erigan qor suvlari va yog’inlarning oqib ketishini kamaytirishdan iborat. Shuningdek, ular tuproqni yuvilib ketishdan saqlaydi, yer sirtidagi suvlarning tuproq ostiga o’tishini osonlashtiradi. Daraxtzor mintaqalarining suvni tartiblovchilik rolini oddiy gidrotexnika inshootlari — terrasalar, Marzalar, ariqchalar yordamida kuchaytirish mumkin. Soylik va jarlik bo’ylari daraxtzor mintaqalari, asosan, soylik va jarlik bo’ylarini yuvilishdan saqlashga xizmat qiladi. Bunday daraxtzorlar 12,5—21 metr kenglikda qalin qilib ekiladi, ba’zan esa soylik va jarlik yoqalari yoppasiga o’rmonzorga aylantiriladi. Tog’ yon bag’rilari o’rmonlari seldan saqlash maqsadini ko’zda tutadi. Masalan, Chirchiq va Samarqand o’rmon xo’jaliklarida sel xavfi bo’lgan havzalarning bir qancha ming gektar maydoni o’rmonlashtirilgan. Qumliklarda ihota daraxtlari o’tqazish deflyatsiyaning oldini olish, ko’chma qumlarni mustahkamlash va cho’l yaylovlarining o’rmon melioratsiyasi maqsadlarida amalga oshiriladi; kanal bo’ylari daraxtzorlari suvning bug’lanishini kamaytiradi, grunt suvlari sathini pasaytiradi, kanal bo’ylaridagi yerlarni qayta sho’rlanishdan saqlaydi; suv omborlari atrofiga daraxtlar o’tqazish yer usti suv oqimini kamaytirib, uni tuproq ostiga va gruntga ko’chiradi, qirg’oqni yuvilishdan saqlaydi, sohilbo’yi hududlarning gidrologik rejimini yaxshilaydi; aholi punktlari atrofiga va yo’l yoqalariga daraxt o’tqazish shamol tezligini pasaytiradi, qurg’oqchilik ta’sirini yumshatadi, mikroiqlimni yaxshilaydi, temir yo’llar va avtomobil yo’llarini qor bosishidan saqlaydi va hokazolar. Ihota daraxtzorlari shamolga nisbatan joylanishiga qarab asosiy (shamol yo’nalishiga ko’ndalang) va yordamchi (asosiy ihotazorga perpendikulyar) turlarga bo’linadi. Asosiy o’rmon ihotazorlari oralig’i shamolning kuchiga qarab 300— 600 metr, yordamchi ihotazorlar oralig’i 800-1200 metr bo’ladi. Ihota daraxtzorlari 3-5 qatordan iborat bo’lib, qatorlar oralig’i 2,5—3 metr, qator ichida 1-2 metrga teng bo’ladi. O’zbekistonda har yili 33 ming gektar maydonda o’rmonzorlar barpo qilinmoqda, uning 10-12 ming gektari Orol dengizining suvi qurigan joylariga to’g’ri keladi (2002). Dala, aholi punktlari, suv omborlari atrofiga, kanal va yo’l yoqalariga dub, qayrag’och, terak, tol, jiyda, chinor va shunga o’xshash daraxtlar, tog’yon bag’irlariga archa, dub, yong’oq, bodom va boshqalar, qumlarni mustahkamlashda esa saksovul, kandim, shumtol va boshqalar ekiladi. Ad.: Molchanova A. I., Boyko N. P., Polezashitnoe lesorazvedenie v Uzbekistane, M., 1969; Agrolesomeliorasiya, [Podred. V. P. Vinogradova], M., 1979. Abdushukur Xonazarov.