Ijtimoiy nafaqa

Ijtimoiy nafaqa – muayyan sabablarga ko’ra, mehnat qilish imkoniyatiga ega bo’lmagan va doimiy ravishda yordam ga muhtoj fuqarolarga davlat tomonidan beriladigan nafaqa. Birinchi marta O’zbekiston Respublikasida Ijtimoiy nafaqa O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 24 iyundagi qarori bilan joriy qilingan (1990-94 yillarda ijtimoiy pensiyalar). Ijtimoiy nafaqa 16 yoshgacha nogiron bolalar, 1-va 2-guruh bolalikdan nogironlar hamda pensiya tayinlash uchun mehnat stajiga ega bo’lmagan va ularni boqishga majbur bo’lgan qarindoshlari bo’lmagan 65 yoshga to’lgan erkaklar, 60 yoshga to’lgan ayollarga, 1 – va 2-guruh nogironlariga tayinlanadi. Ijtimoiy nafaqa miqdori pensiyadan farqli ravishda qat’iy miqdorda belgilanadi. Respublikada bolalikdan nogironlarga beriladigan Ijtimoiy nafaqa oyiga 8970 so’m, zarur mehnat stajiga ega bo’lmagan keksa yoshdagi hamda mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan Ijtimoiy nafaqa oyiga 5435 so’m (2002, 1 avgust). 2002 yil 1 yanvar holatiga ko’ra O’zbekistonda Ijtimoiy nafaqa oluvchilar 258,8 ming kishini tashkil etadi va ularning asosiy qismini bolalikdan nogiron bo’lganlar (229,9 ming kishi) tashkil etadi.