IJTIMOIY YORDAM

IJTIMOIY YORDAM — ayrim ijtimoiy guruhlarga har tomonlama yordam berish uchun yo’naltiriladigan davlat tadbirlari yig’indisi bo’lib, davlat va jamiyatning qariligi, sog’lig’i, ijtimoiy ahvoli, tirikchilik uchun vositalar bilan yetarli ta‘minlanmagani tufayli yordamga muhtoj fuqarolar to’g’risida g’amxo’rligi hisoblanadi. Ijtimoiy yordam pensiyalar, nafaqalar to’lash, kam ta‘minlangan oilalarga moddiy yordam ko’rsatish, 16 yoshgacha farzandi bo’lgan kam ta‘minlangan oilalarga oylik nafaqa to’lash, bemorlar va keksalarga xizmat ko’rsatish, bolalarga g’amxo’rlik qilish ko’rinishida amalga oshiriladi. Mehnatga layoqatsizlarni moddiy ta‘minlashning qatiy kafolatli tizimi ijtimoiy sug’urta deb ataladi.