Ilikxonlar
Ilikxonlar-Movarounnahrni 999 yildan 1212 yilgacha idora qilgan qoraxoniylar hukmdorlarining unvoni. Ilikxonlar aslida Yettisuv va Qashg’arda yashagan yag’mo turk qabilasiga mansub bo’lgan. Qoraxoniylardan Nasr ibn Ali 999 yilda Buxoroni egallaydi va Movarounnahrda ilikxonlar hukmronligiga asos soladi. Ular dastlab qoraxoniylarning Qashg’ardagi, 1042 yildan boshlab esa O’zgandagi hoqonlariga nomigagina itoat qilib, amalda esa mustaqil bo’lganlar. Ilikxonlar Sulton Sanjar hukmronligi yillarida (1118-1157) saljuqiylarga, XII asrning 30-yillari oxirlaridan qoraxitoylar va xorazmshohlarga tobe bo’lgan. Ilikxonlarning eng mashhurlari: Nasr ibn Ali (999-1013), Ali ibn al-Hasan (XI asr boshlari), Ibrohim (1047-1068), Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon Tegin (1102-1130).