Ilmiy-ommabop adabiyot

Ilmiy-ommabop adabiyot -xalq ommasini fan va texnika masalalari, yutuqlari hamda fan arboblari tarjimai hollari bilan tanishtirish uchun mo’ljallangan nashrlar (kitob, risola, jurnal va boshqalar). Bu nashrlar ilmiy masalaning mohiyatini to’la saqlagan holda uni keng omma uchun tushunarli uslubda bayon etadi, o’quvchining g’oyaviy-ilmiy saviyasini o’stirishga, dunyoqarashini kengaytirishga yordam beradi. Ilmiy-ommabop adabiyot tarixi kitob bosish ixtiro qilinganidan ko’p asarlar muqaddam (Xitoyda miloddan avvalgi 12-10-asrlardan, qadimgi Misrda miloddan avvalgi 2-ming yillikning o’rtalaridan) boshlangan. O’rta Osiyoda Abu Nasr Forobiy (“ilmlarning kelib chiqishi va tasnifi”), Abu Rayhon Beruniy (“Mineralogiya”), Abu Ali ibn Sino (“Donishnoma”, “Tib qonunlari”), adabiyotshunos olim Sharafiddinov (“Navoiy hayoti va ijodi”) asarlari Ilmiy-ommabop adabiyotning ayni namunalari bo’la oladi. O’zbekistonda Ilmiy-ommabop adabiyot nashr etish ishi keyingi 60-70 yilda keng avj oldi. Respublikada bunday kitob va risolalarni “O’zbekiston”, “Fan”, “O’qituvchi”, Abu Ali ibn Sino nomidagi tibbiyot nashriyoti, “O’zbekiston milliy entsiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti chiqaradi. Mazkur nashriyotlarda “fan haqida suhbatlar”, “Salomatlik — tuman boylik”, “yosh faylasuflar kutubxonasi” kabi turkumlarda Ilmiy-ommabop adabiyotlar nashr etiladi. Respublikada “Fan va turmush”, “tafakkur” jurnallari ilmiy-ommabop vaqtli nashrlar sanaladi.