IMAGO

IMAGO (lotincha imago — ko’rinish) — hasharotlar individual rivojlanishidagi so’nggi (definitiv) bosqich, voyaga yetgan hasharot. Qanotlarining to’liq rivojlanganligi va qornining keyingi qismida jinsiy o’simtalarning bo’lishi Imagoning asosiy belgisi hisoblanadi. Imago davrida hasharotlar tarqaladi va ko’payadi. Hasharotlarning o’sishi va pust tashlashi tugallanadi. Bir qancha hasharotlar Imagosi oziqlanmaydi yoki oziqlanishi cheklangan bo’ladi. Ko’pchilik hasharotlar Imago davrida harakatchan bo’ladi. Imago davri bir necha soat yoki kundan (kunliklar, ayrim tangaqanotlilar, elpig’ichqanotlilar erkaklari) bir necha oy yoki yilgacha davom etadi. Ona asalari Imagosi 3— 5 yil, ayrim qora tanli qo’ng’izlar Imagosi 15 yilgacha hayot kechiradi.