“Imom al-Buxoriy Saboqlari”

“Imom al-Buxoriy Saboqlari” — ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-adabiy jurnal muassisi — Imom al-Buxoriy xalqaro jamg’armasi. 2000 yildan Toshkentda 3 oyda 1 marta nashr etiladi. Imom al-Buxoriyning hayoti, ilmiy merosini o’rganish va uni keng targ’ib qilish, xalqimizni ma’naviyatimizning mustahkam ildizlaridan biri bo’lgan diniy qadriyatlar bilan kengroq, chuqurroq tanishtirish, ularning keng omma, ayniqsa yoshlar tomonidan sog’lom idrok etilishiga yordamlashish jurnalning asosiy vazifasidir. Jurnal sahifalarida Imom al-Buxoriy yodgorlik majmui faoliyati izchil yoritib boriladi. Jurnalning “Abadiy barhayot kitob”, “muhaddislar sultoni”, “hadislarning ulug’ hikmati”, “Movarounnahrlik buyuk allomalar”, “Islom va ma’rifat”, “Istiqlol va islom” kabi ruknlari bor. Bosh muharriri Zohidillo Munavvarov. Adadi 1000 nusxa (2002).