IMPERATOR
IMPERATOR (lot. imperator – hukmdor) — ba‘zi monarxlarga berilgan unvon. Dastlab, Rim lashkarboshilari (masalan, Yuliy Sezar va boshqalar) ga berilgan. Rimda Respublika tartibi tugatilib, monarxiya o’rnatilgach, davlat tepasiga kelgan har bir merosxo’r Imperator deb atalgan. 962-yil nemislar Shimoliy Italiyani bosib olgach, Germaniya qirollari o’zlarini Imperator deb atay boshladilar. XV asrdan bu unvon Avstriya monarxlariga o’tdi. 1721-yil Imperator unvonini Pyotr I qabul qildi. Bundan keyingi rus podsholarining hammasi Imperator deb yuritildi. Napoleon I, Napoleon III lar ham o’zlarini Imperator deb e‘lon qildilar. Bu unvon Xitoyda 1911- yilgacha mavjud edi. Yaponiyada hozir ham Imperator davlat boshlig’i hisoblanadi.