IMPERIALIZM

IMPERIALIZM (fr. imperialisme) — keng ma‘noda hududlarni bosib olishga, qaram qilishga, boshqa davlatlar ustidan siyosiy yoki iqtisodiy nazorat o’rnatishga qaratilgan davlat siyosati. U bir davlatning o’z hokimiyatini boshqa davlat hududida iqtisodiy va siyosiy foyda olish maqsadida qaram aholini, asosan, harbiy vositalar yordamida ezish hisobiga amalga oshirishini anglatadi. Imperiya, aslida, bosib olish va hukmronlik qilishning, davlatlar o’rtasidagi siyosiy raqobatning qadimgi shakli hisoblanadi. Imperializm termini XIX asr 2-yarmida ingliz iqtisodchi olimi J. Gobsonning «Imperializm» nomli kitobi (1902) chiqqanidan sung, ayniqsa, keng tarqaldi va Imperializmga nisbatan bir-biridan keskin farq qiluvchi fikrlar paydo bo’ldi. Liberalizm yunalishidagi olimlar (jumladan, nemis iqtisodchisi – A.Shumpeter) fikricha, Yevropa mamlakatlarining XIX asrdagi imperialistik ekspansiyasi kapitalistik taraqqiyot va raqobatning xususiyati emas edi, aksincha, u kapitalizmning siyosiy va iqtisodiy mohiyatiga zid bo’lgan. Shu ma‘noda Imperializm mutlaq monarxiyalar davridagi militaristik millatchilikning oqibati hisoblanadi. Radikal yo’nalishdagi olimlar va siyosatchilar (jumladan, V.I.Lenin) Imperializmni kapitalizmning oliy va so’nggi bosqichi deya baholab, moliya kapitali hukmronligi, iqtisodning ichki inqiroziga javob tariqasida chetga kapital chiqarish, xalqaro trestlarning o’sishi va yer yuzining kapitalistik davlatlar tomonidan taqsimlab olinishi bilan bog’lab tushuntirmoqchi bo’ladi. Bu fikrning xatoligini isbotlovchi nazariyotchilarning ta‘kidlashicha, Imperializm, birinchidan, tarixan kapitalizmdan oldin keladi, ikkinchidan, imperialistik davlatlar o’rtasidagi raqobat, avvalo, iqtisodiy emas., balki siyosiy sabablar bilan bog’liqdir.