Imperializm

Imperializm (fransuzcha imperialisme, inglizcha imperialism, nemischa imperialismus, lotincha imperium-hokimiyat, hukmronlik so’zidan)-keng ma’noda hududlarni bosib olishga, qaram qilishga, boshqa davlatlar ustidan siyosiy yoki iqtisodiy nazorat o’rnatishga qaratilgan davlat siyosati. U bir davlatning o’z hokimiyatini boshqa davlat hududida iqtisodiy va siyosiy foyda olish maqsadida qaram aholini, asosan, harbiy vositalar yordamida ezish hisobiga amalga oshirishini anglatadi. Imperiya, aslida, bosib olish va hukmronlik qilishning, davlatlar o’rtasidagi siyosiy raqobatning qadimgi shakli hisoblanadi. Imperializm termini XIX asr 2-yarmida ingliz iqtisodchi olimi J.Gobsonning “Imperializm” nomli kitobi (1902) chiqqanidan so’ng keng tarqaldi.