IQTISODIY ISLOHOT
IQTISODIY ISLOHOT – iqtisodiy kategoriya bo’lib, bozor iqtisodiyotiga o’tayotgan mamlakatlarda yangicha mazmunga ega bo’ladi. Jahon tajribasining ko’rsatishicha, bozor iqtisodiyotiga o’tayotgan har bir mamlakat bundan keng miqyosda, tubdan, yaxlit iqtisodiy islohot o’tkazishning o’z yo’lini va demak, yangi jamiyat barpo etishning o’ziga xos va mos andozasini ishlab chiqishi kerak. Mustaqillikka erishayotgan har bir davlat o’z mustaqilligini nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy jihatdan ham ta’minlashi lozim. Bu holatda korxona va birlashmalar mustaqilligi keskin ortadi. Birlashma va korxonalar to’liq xo’jalik hisobi asosida o’z-o’zini qoplashga o’tadi. Mehnat jamoasining huquqi ortadi. Ishchilarning o’z qobiliyatlarini namoyon qilishga imkoniyat kengayadi. Yuqori sifatli mehnatni moddiy va ma’naviy rag’batlantirish uchun qulay imkoniyat yaratiladi.