IQTISODIY ISLOHOTLAR

IQTISODIY ISLOHOTLAR — davlatning iqtisod tizimini yoki iqtisodini boshqarishni yo’lga qo’yish va amalga oshirishdagi katta o’zgarishlar. Xo’jalik yuritish tizimida, iqtisodiyotni boshqarishda, iqtisodiy siyosatni amalga oshirish yo’llari va usullarida yirik qayta qurishlar, o’zgartirishlar samaradorligi past muayyan iqtisodiy tizimni takomillashtirish yoki eski tizimdan yangisiga o’tish maqsadlarida amalga oshiriladi. Iqtisodiy tizimning samaradorligi qoniqarsiz bo’lgan, iqtisodiy tangliklar yuz bergan, iqtisodiyot kishilarning ehtiyojlarini yetarli qondirmagan hollarda, mamlakat o’z taraqqiyotida boshqa mamlakatlardan orqada qolgan sharoitlarda o’tkaziladi. Iqtisodiy islohotlar larzalarsiz, aniq maqsadlar ko’zlangan holda, parlament qabul qilgan qonunlarga binoan va davlat rahbarligida o’tkaziladi. Iqtisodiy islohotlar evolyutsion rivojlanishni ta‘minlaydi.