Iqtisodiy jinoyatlar

Iqtisodiy jinoyatlar – milliy iqtisodiyotga, uning tarmoqlari yoki sohalariga ziyon yetkazadigan yoki ziyon yetkazishi mumkin bo’lgan va jinoyat qonunida nazarda tutilgan ijtimoiy xavfli qilmish (harakat yoki harakatsizlik). Bunday jinoyatlarning sodir etilishi natijasida jamiyat, jamoat birlashmalari yoki ayrim fuqarolarga moddiy ziyon yetkaziladi, jamiyatning iqtisodiy negizlariga tajovuz qilinadi. Ijtimoiy jinoyatga: 1) o’zgalar mulkini talon-taroj qilish; 2) o’zgalar mulkini talon-taroj qilish bilan bog’liq bo’lmagan jinoyatlar; 3) iqtisodiyot asoslariga qarshi jinoyatlar; 4) xo’jalik faoliyati sohasidagi jinoyatlar kiradi. Moddiy ne’matlar ishlab chiqarish va mehnat mahsuli bo’lgan boyliklarni taqsimlash sohasidagi ijtimoiy munosabatlarga tajovuz qiluvchi jinoyatlardan eng xavflisi o’zgalar mulkini talon-taroj qilish hisoblanadi. O’zgalar mulkini o’zlashtirish usuliga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi JKda talon-taroj qilishning: bosqinchilik, tovlamachilik, talonchilik, o’zlashtirish (rastrata), firibgarlik, o’g’rilik kabi shakllari ajratilgan (164-169-moddalar). Talon-tarojning predmeta moddiy qiymati, pul bahosiga ega bo’lgan va o’zgalar mulki hisoblangan pul, qimmatbaho qog’ozlar va shu kabilardir. O’zgalar mulkini talon-taroj qilish bilan bog’liq bo’lmagan jinoyatlarga aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo’li bilan mulkiy zarar yetkazish, jinoiy yo’l bilan topilgan mulkni olish yoki o’tkazish, mulkni qo’riqlashga vijdonsiz munosabatda bo’lish, mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish, axborotlashtirish qoidalarini buzish kabi qilmishlar kiradi (O’zbekiston Respublikasining JK, 170-174-moddalar). Iqtisodiyot asoslariga qarshi jinoyatlar sirasiga O’zbekiston Respublikasi manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish, qalbaki pul yoki qimmatli qog’ozlar yasash, ularni o’tkazish, valyuta bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish, chet el valyutasini yashirish, soxta tadbirkorlik, soxta bankrotlik, bankrotlikni yashirish, bojxona to’g’risidagi qonunlarni buzish, rangli metallar, ularning parcha va rezgichiqitlarini tayyorlash, olish, ulardan foydalanish hamda ularni sotish qoidalarini buzish kabilar kiradi. Xo’jalik faoliyati sohasidagi jinoyatlar esa sifatsiz mahsulot chiqarish yoki sotish, etil spirtli, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish, savdo yoki vositachilik faoliyati bilan qonunga xilof ravishda shug’ullanish, savdo yoki xizmat ko’rsatish qoidalarini buzish faoliyati bilan litsenziyasiz shug’ullanish, qonunga xilof ravishda axborot to’plash, uni oshkor qilish yoki undan foydalanish, raqobatchilikni obro’sizlantirish kabilardan iborat. Iqtisodiy jinoyatlar uchun javobgarlik masalasida “Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasi Jinoyat, Jinoyat Protsessual va ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodekslariga o’zgartirishlar va qo’shimchalar kiritish to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi qonuni (2001 yil 18 oktabr)ga asosan ko’proq iqtisodiy ta’sir choralarini qo’llash nazarda tutilgan. Mazkur qonunda ozodlikdan mahrum qilish jazosi o’rniga ko’proq jarima jazosini qo’llash belgilangan. Bundan tashqari, Iqtisodiy jinoyatlarga jazo tayinlashda jazoni og’irlashtiruvchi holatlarga alohida e’tibor berilgan. Shuningdek, yetkazilgan zararning va undan kelib chiqqan oqibatning xususiyati ham hisobga olinishi qayd etilgan. Yuqoridagi qonunga binoan, JKga jabrlanuvchi bilan yarashganlik munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilishni nazarda tutuvchi 66-modda kiritildi. Ushbu moddaga Iqtisodiy jinoyatlardan bir nechtasi kiritilgan bo’lib, unga ko’ra shaxs ushbu turdagi qilmishlarni 1-marta sodir etgan, o’z aybiga iqror bo’lgan, yetkazilgan zararni qoplagan va jabrlanuvchi bilan yarashgan bo’lsa, jinoiy jazodan ozod qilinishi nazarda tutilgan. Mirzayusuf Rustamboyev.