IQTISODIY TARAQQIYOT MODELI

IQTISODIY TARAQQIYOT MODELI (Fransuzcha modele — o’lchov, namuna) — mamlakat iqtisodiyotini tashkil etish va rivojlantirishning strategiyasi, maqsadlari, umumiy tamoyillari ifodalangan nazariy qarashlar majmui. Iqtisodiy taraqqiyot modeli tushunchasi 20-asrning 50-yillarida paydo bo’ldi. Bu davrga kelib ko’pchilik sobiq mustamlaka mamlakatlar o’z mustaqilligiga erishib, milliy davlat qurish yo’liga o’tgan edilar. Bu vaqtda asosiy 3 yirik taraqqiyot yo’li bo’lishi mumkinligi haqidagi qarashlar bor edi [(kapitalistik, sotsialistik va sosialistik yo’nalish (orientatsiya)]. 20-asr oxirlariga kelib biron-bir mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotini qat’iy qabul qilingan qoidalar doirasi bilan cheklab turish mumkin emasligi, taraqqiyot yo’llari (modellar) ancha keng ko’lam va maqsadga egaligi, ulardan birini tanlashda xar bir mamlakat o’z ichki shart-sharoitlaridan kelib chiqmog’i zarurligi ma’lum bo’ldi. Iqtisodiyot nazariyasida ayrim olimlar Iqtisodiy taraqqiyot modelini davlat tuzumi desa, boshqalar ijtimoiy-iqtisodiy formatsiya, uchinchilari esa ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning aniq belgilangan yo’li deb hisoblaydi. Iqtisodiy taraqqiyot modeli iqtisodiy munosabatlarning keng miqyosli tizimi, huquqiy, ma’muriy hamda xo’jalik mexanizmlari orqali boshqariladi. Bunday munosabatlarning sub’yekti mulk egalari, xo’jalik faoliyati ishtirokchilari, uyushmalar, davlat va xususiy sektor, mamlakat doirasidagi mintaqa va tarmoqlar hisoblanadi. Albatta, Iqtisodiy taraqqiyot modeliga axloq va dunyoqarash, mentalitet, turmush tarzi, madaniyat kabi ijtimoiy me’yorlar o’z ta’sirini ma’lum darajada o’tkazadi. Iqtisodiy taraqqiyot modeli global va milliy xarakterda bo’ladi. Hozirgi vaqtda taraqqiyotning bir qator tipik global modellari shakllangan. Ular orasida Osiyo, Yevropa, Lotin Amerikasi, Osiyo-tinch okeani, Afrika va postsovet Iqtisodiy taraqqiyot modelilarini ko’rsatish mumkin. Ular ichki taraqqiyot omillari, shart-sharoitlari, ishlab chiqarish tuzilmasi va boshqa jihatlari bilan bir-birlaridan tubdan farqlanadi. Misol uchun Osiyocha taraqqiyot modeli jamoaning kuchli pozitsiyasi va diniy omilga asoslangan bo’lib, bu modelda undiruvchi sanoat va qishloq xo’jalik asosiy o’rinda tursa, yevropacha modelda iqtisodiy taraqqiyotning ijtimoiy yo’naltirilganligi, xususiy tashabbusning yuqori darajada rivojlanganligi, biznesni qo’llab-quvvatlash va soliq undirishning sharoitiga moslanuvchan tizimi, jamiyatning texnokratik yo’nalishi, yalpi ichki mahsulotda xizmat ko’rsatish sohasining yuqori hissasi ko’zga tashlanadi. Lotin Amerikasi Modeli xom ashyo tamoyiliga qurilgan bo’lib, undiruvchi sanoat tarmoklarining rivojlanganligi, mehnat resurslarining ortiqchaligi, xufyona narkokapitalning yuqori hissasi, eksportning past, tovar va xizmatlar importining esa yuqori darajasi, iqtisodiyotda mayda Tovar ishlab chiqarishning sezilarli darajasi bilan xarakterlanadi. 70-80-yillarda shakllangan Osiyo-tinch okeani modelining tipik Xususiyati — yuqori texnologiyaga egaligi, tabiat va inson resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarish ilmiy bazasining rivojlanganligidir. Afrika Iqtisodiy taraqqiyot modeli tipik xom ashyo yo’nalishi, iqtisodiyotda past unumdorlik darajasi, mehnat resurslarining ortiqchaligi, aholi turmushining past darajasi, infratuzilmaning rivojlanmaganligi, urug’chilik, qabilalar o’rtasidagi urushlar, ijtimoiy-siyosiy beqarorlik bilan tavsiflanadi. Postsovet Iqtisodiy taraqqiyot modeli MDH mamlakatlariga xos bo’lib, ularni ishlab chiqarish texnologiyasining umumiy xususiyati, yagona Standartlar, iqtisodiyotni isloh qilishning umumiy vazifalari birlashtiradi. Sobiq Ittifoq Respublikalarining 70 yildan ortiq birga bo’lishi iqtisodiy munosabatlarning yaqinlashuviga o’z ta’sirini o’tkazmasdan qolmagan. O’tgan asrning 90-yillari boshida va hatto uning o’rtalariga kelib ham bu mamlakatlar tashki savdo oborotining yarmidan ko’prog’i MDHga to’g’ri kelar edi. Ammo keyinchalik bu tendentsiya milliy taraqqiyot modellarida yetakchi o’rinni egallay olmadi. O’zbekistonning tashqi iqtisodiy faoliyatida sanoati rivojlangan mamlakatlar birinchi darajaga ko’tarildi. 90-yilning boshlarida O’zbekistonning oldida bir qator strategik rivojlanish yo’llari paydo bo’lgan edi. Ularni 4 yo’nalish — xom ashyo, agrar, industrial, xizmat ko’rsatish sohasini rivojlantirish bo’yicha guruhlash mumkin. Ulardan har biri respublika uchun real Iqtisodiy taraqqiyot modeli bo’lishi mumkin edi. Ammo xom ashyo yo’lini tanlash tabiiy boyliklarni yanada talon-taroj qilinishi, aholini ish bilan ta’minlash muammosi sanoatning undiruvchi tarmoqlariga zo’r berishga olib kelardi. Ittifoq ixtisoslashuvi bu yo’nalishni keltirib chiqargan edi. Agrar Iqtisodiy taraqqiyot modeli agrosanoat majmui (Ask.) tarmoqlarini rivojlantirishni taqozo qilib, aholining asosiy qismini qishloq xo’jaligi bilan band qilishga olib kelar edi. Industrial Iqtisodiy taraqqiyot modelining samaradorligini Janubiy Sharqiy Osiyo mamlakatlari tajribasi tasdiqlagan. Taraqqiyotning xizmat ko’rsatish yo’nalishi ham O’zbekistonga qo’l kelishi mumkin edi. Bu yo’ldan borayotgan Yevropa mamlakatlarida yalpi ichki mahsulot (YAIM)ning 40% shu sohada yaratiladi. Ba’zi mamlakatlarda turizm YaIMning 25% ni hosil qiladi. O’zbekiston yuqorida sanalgan modellardan birontasidan voz kechmadi, balki o’zining Iqtisodiy taraqqiyot modelida ulardan foydalandi. Boy tabiat resurslari, uni qayta ishlash va undan maqsadga muvofiq foydalanish chet el investisiyalarini kiritish imkonini bermoqda. Ask rivojlanishi qishloq aholisini ish bilan ta’minlashga olib kelmoqda. Qishloqda mamlakat aholisining 60% yashaydi. Industrial taraqqiyot iqtisodiyotni eksportga, import o’rnini bosadigan tovarlar ishlab chiqarishga undamoqda. Xizmat ko’rsatish sohasi bozor islohotlarining ijtimoiy yo’nalishini kuchaytirmoqda. O’zbekistonning Iqtisodiy taraqqiyot modeli xalqning tarixiy tajribasi, an’anaviy madaniyati bilan belgilangan. Chunki Islomning xususiyati shundaki, u faqatgina din emas, balki unga sig’inadigan xalqlarning turmush tarzidir. Shuning uchun ham 70 yildan ortiq davr mobainida tashqaridan tiqishtirilgan “sovet turmush tarzi” bu yerda keng tomir otmadi. Islohotlarning dastlabki yillarida O’zbekiston boshqa mamlakatlarda tajribadan o’tgan u yoki bu Iqtisodiy taraqqiyot modelini qabul qilishi lozim degan fikr yurar edi. Hatto turk yoki Xitoy modellarini qabul qilish zarurligi ta’kidlangan edi. Ammo O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov mamlakatga o’z yo’li, o’z taraqqiyot modeli zarurligini ko’rsatdi. O’zbekiston rahbari ilgari surgan tub iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning 5 ta-moyili — iqtisodiyotni mafkuradan xoli qilish, davlat bosh isloxrtchi, bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich o’tish, qonun ustuvorligini ta’minlash, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish — o’zbek modelining asosini tashkil etadi. Qisqa vaqt ichida iqtisodiy taraqqiyotning o’zbek modeli o’zining hayotiyligini ko’rsatdi. O’zbekiston iqtisodiyoti uchun 1995 yil keskin burilish yili bo’ldi. Shu yili sanoat ishlab chiqarish hajmi bo’yicha islohotgacha davr darajasiga to’la erishildi. YaIMning pasayishi sezilarli sekinlashdi. 1996 yildan boshlab esa YAIM ishlab chiqarishning barqaror ijobiy tendentsiyasi davom etmoqda: 2001 yilda YAIM 4,5% ga o’sdi, sanoat mahsuloti qajmi 8,1, yalpi qishloq xo’jalik mahsulotlari 4,5, qurilish ishlari 3,3, chakana tovar aylanmasi 9,5% ga o’sdi. O’zbek modeli hali o’tish davrining boshidayoq ko’p ukladli, aralash, tashqi beqarorlashtiruvchi omillardan xoli bo’lgan milliy bozor iqtisodiyotining shakllanishini ta’minladi. YAIM ishlab chiqarish sur’atlarining birinchi marta aholi o’sish sur’atlaridan ustun bo’lishiga erishildi, YAIM tarkibiga jamg’arish va investisiyalar nisbatlarida yuqori sifat o’zgarishlari ta’minlandi. O’zbek Iqtisodiy taraqqiyot modelining bosh maqsadi — ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayotni ta’minlashdan iborat. Ad.: Karimov I., O’zbekistonning o’z istiqlol va taraqqiet yo’li, T., 1992; Karimov I, O’zbekiston — bozor munosabatlariga o’tishning o’ziga xos yo’li, T., 1993; To’xliev N., Taksanov A., Natsionalnaya Ekonomicheskaya model O’zbekistana, T., 2000; To’xliev I., Bozorga o’tishning mashaqqatli yo’li, T., 1999. Nurislom To’xliyev.