IQTISODIYOT INSTITUTI
IQTISODIYOT INSTITUTI, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Iqtisodiyot instituti — O’zbekistonda iqtisodiy tadqiqotlar olib boradigan yirik ilmiy markaz. 1943 yil 3 noyabrda O’zbekiston faning iqtisodiy tadqiqotlar byurosi negizida tashkil etilgan. Toshkent shahrida joylashgan. Institutda 5 bo’lim bor (o’tish davri iqtisodiyotining umumiy nazariyasi; investitsiyalar samaradorligi muammolari; tadbirkorlikni rivojlantirishning iqtisodiy rag’batlantirish muammolari; o’tish davri iqtisodiyotining ijtimoiy muammolari; iqtisodiy integratsiya muammolari) (2002). Dastlabki yillarda 2 sektor va 2 bo’lim bo’lib, respublika miqyosida tarixiy-iqtisodiy tadqiqotlar olib borilgan. 50-yillarda respublika iqtisodiy rayonlarining iqtisodiy majmualari muammolari, xalq xo’jaligi tarmoqlari, sanoat va qishloq xo’jalik sohalarini rivojlantirish masalalari, sanoat iqtisodiyoti, mehnat resurslari hamda mehnat iqtisodiyotiga oid ilmiy ishlar olib borildi. 60-yillardan boshlab institutda yirik ilmiy yo’nalishlar va maktablar shakllandi: O’zbekiston iqtisodiyotining 20-asrning 20-yillardan keyingi davrda rivojlanishi va Osiyo xamda Afrika mamlakatlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish muammolari (O. B. Jamolov); xo’jalik mexanizmini takomillashtirish, xom ashyo resurslarini qayta ishlash samaradorligi, iqtisodiy integratsiya masalalari (I. I. Iskandarov); investisiyalar samaradorligi, tabiiy-texnika fanlari yutuqlarini joriy qilish samaradorligi, O’zbekiston iqtisodiyotining jahon iqtisodiy tizimiga qo’shilishi muammolari (O. Hikmatov); aholi va mehnat resurslari muammolari (R. A. Ubaydullayeva); ishlab chiqarishni hududiy tashkil qilish metodologiyasi (K. N. Bedrintsev), O’zbekiston iqtisodiyoti tarixi, sanoat majmuining shakllanishi va rivojlanishi muammolari (O. M. Aminov) o’rganildi. Institut faoliyati O. M. Aminov, K. N. Bedrintsev, O. B. Jamolov, S. K. Ziyodullaev, I. I. Iskandarov, K. I. Lapkin, R. A. Ubaydullayeva, O. Hikmatov va boshqa olimlar nomlari bilan bog’liq. Institut O’zbekistonda ijtimoiy yo’naltirilgan bozor iqtisodiyoti Modelini shakllantirishning metodologik asoslarini, bozor iqtisodiyoti muammolarini o’rganish bo’yicha yetakchi ilmiy muassasa hisoblanadi. O’zbekiston va MDH, Yevropa va Osiyodagi yetakchi iqtisodiy, ilmiy va o’quv muassasalari bilan ilmiy hamkorlik qiladi, turli mavzularda xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiyalar o’tkazadi. Institut tomonidan O’zbekiston Respublikasi mustaqil rivojlanishining 10 yillik tajribalari umumlashtirilgan “O’zbekistan: bozor iqtisodiyoti shakllanishining o’n yilligi” monografiyasi nashr etildi (2001). Institutda 120 xodim, shu jumladan, 27 fan nomzodi va 8 fan Doktori ishlaydi (2002). Aspiranturasi bor. Institutda Doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilish bo’yicha ixtisoslashtirilgan ilmiy kengash faoliyat ko’rsatadi. Ilmiy to’plamlar, monografiyalar nashr etadi. Omon Hikmatov.