Iqto’

Iqto’-o’rta asrlarda Yaqin va O’rta Sharq mamlakatlarida hukmdor tomonidan feodalga katta xizmatlar evaziga in’om qilingan chek yer. Odatda, iqto’ umrbod berilmay, hukmdor uni istagan vaqtida qaytarib olib, boshqa kishiga tortiq qilishi mumkin bo’lgan. Iqto’ haqidagi dastlabki ma’lumotlar VII asr oxiriga mansub arab manbalarida uchraydi. IX asrga kelib xalifa tomonidan arab amiriga idora qilish uchun berilgan viloyatlar ham iqto’ deb atala boshlagan. Amir o’zi hukmronlik qilayotgan ushbu viloyatlar solig’ini butunlay yoki qisman o’zlashtirish huquqiga ega bo’lgan. Iqto’ yerlari davlat mulki hisoblangan, lekin IX asrdan boshlab feodalning xususiy mulkiga aylana boshlagan. Temuriylar davrida iqto’ o’rnida tiyil va suyurg’ol, boburiylar saltanati davrida esa jogir atamalari qo’llanilgan.