Irim

Irim — biror niyat bilan qilinadigan ish, xatti-harakat. Irim kishining o’z ishlariga rivoj tilash, o’zini ehtiyot qilish, birovlarga yaxshilik tilash, yoki zarar yetkazish va boshqa niyatlarda qilinadi. Masalan, to’ydan yaxshi niyat bilan biror narsa olib ketish, dard-baloni qaytarish, ziyon-zaxmatdan, ko’z tegishdan saqlanish uchun biror narsani boshdan o’girib tashlash, chaqaloqqa har xil ins-jinslar yo’lamasin degan ma’noda beshikdagi chaqaloq yostig’i tagiga pichoq yoki non qo’yish, sigirning bo’yniga tumor taqib qo’yish va hokazolar. Irimning turlari juda ko’p va jahondagi deyarli hamma xalqlarda, turli kasb-hunar sohalarida uchraydi. Ba’zi Irimlar qandaydir ko’zga ko’rinmas, sirli kuchlarning borligiga ishonishga va ulardan madad kutishga asoslanadi.