Ishchilar

Ishchilar — industrial jamiyatda mehnatga layoqatli aholining yollanib ishlovchi va jismoniy mehnat bilan shug’ullanuvchi toifasi, ijtimoiy guruh. 19-asr o’rtalarida Yevropada sanoat rivojlanishi bilan dehqonlar va hunarmandlar hisobidan sanoat proletariati paydo bo’ldi, Ishchilarning kasaba uyushmalari va siyosiy partiyalari shakllandi. 20-asrning 2-yarmidan rivojlangan industrial mamlakatlarda fan-texnika progressi, xizmat ko’rsatish sohalarining o’sishi va boshqalar natijasida Ishchilar soni nisbatan qisqardi (iqtisodiy faol aholining 50% dan kam qismi), turmush darajasi, madaniy rivojlanishi va boshqalar bo’yicha Ishchilar bilan boshqa ijtimoiy guruhlar o’rtasidagi qat’iy chegaralar o’zgardi; turli ijtimoiy-kasbiy qatlamlarni o’z ichiga olgan Ishchilarning o’z tarkibi ham o’zgardi. Sobiq SSSR va boshqa sobiq sotsialistik mamlakatlarda Ishchilar jamiyatning rahbar kuchi — gegemoni deb e’lon qilingan edi, lekin totalitar tuzum davrida bu qatlam o’z manfaatlarini ifodalash va himoya qilishning Real imkoniyatlaridan mahrum edi. 1980-yillar oxiridan bu mamlakatlarda Ishchilarlar harakatining qayta tiklanishi jarayoni boshlandi. Hozirgi davrda mehnat axdining asosiy qismi bo’lgan Ishchilar o’ziga xos ijtimoiy-iqtisodiy maqomga ega, bu ularning yollanib ishlashi; xizmatchilardan farqli holda jismvniy mehnatni talab qiluvchi ishlar bilan shugullanishi va mehnatdan kelgan daromad sohibi bo’lishida ko’rinadi. Qaysi sektorda band bo’lishiga qarab industrial, agrar va xizmat ko’rsatish sohalaridagi Ishchilarga, kasb mahoratiga qarab malakali va malakasiz Ishchilarga, fuqaroligiga qarab milliy va kelgindi yoki migrant Ishchilarga bo’linadi. O’zbekistonda milliy Ishchilar 20-asrning boshlarida xorij kapitaliga va mahalliy boylarga qarashli kichik korxonalarda yollanib ishlagan mardikorlar, chorakorlar, kambag’al dehqonlar va ishi yurishmagan hunarmandlar hisobidan shakllana boshladi. Sho’rolar davrida sanoatning rivojlanishi bilan Ishchilar soni ko’paydi, lekin bu jarayon, asosan, kelgindi Ishchilar hisobiga yuz berdi. Milliy Ishchilar agrar sohada band bo’lib, asosan, davlat xo’jaliklari (sovxozlar) da ishlagan. O’zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin sanoatning rivojlanishi malakali milliy ishchi kadrlarga extiyojni kuchaytirdi. Kadrlar tayyorlash milliy dasturida kasb-hunar ta’lim tizimi orqali malakali Ishchilar tayyorlashga alohida e’tibor berilgan. Respublikada sanoatning rivojlanishiga qarab Ishchilarning mehnatchilar tarkibidagi salmog’i asta-sekin oshib bormoqda.