Ishga tiklash

Ishga tiklash — mehnat shartnomasi g’ayriqonuniy ravishda bekor qilingan yoki xodim konunga xilof tarzda boshqa ishga o’tkazilgan hollarda uning avvalgi ishga tiklanishi. Xodim ish beruvchining o’zi, sud yoki boshqa vakolatli organ tomonidan ishga tiklanadi. Bunda ish beruvchi xodimga yetkazilgan zararni qoplashga majburdir. Zararni qoplash: xodimga majburan progul qilgan vaqti uchun ish beruvchi haq to’lashi shart ekanligidan; mehnat shartnomasi bekor etilganligi, ya’ni xodim ishdan bo’shatilganligi yoki boshqa ishga o’tkazilganligi ustidan shikoyat qilish bilan bog’liq qo’shimcha xarajatlar (mutaxassislardan maslahat olish, ish yuritish, yo’l kira va hokazolar) uchun hamda xodim ko’rgan ma’naviy zarar uchun kompensatsiya to’lashdan iborat. Ma’naviy zarar uchun tulanadigan kompensatsiya miqdori ish beruvchining xatti-harakatiga berilgan bahoni hisobga olgan holda, sud tomonidan belgilanadi, lekin bu miqdor xodimning oylik ish haqidan kam bo’lmasligi shart. Shuningdek, qonunga xilof ravishda mehnat shartnomasi bekor etilgani yoki boshqa ishga o’tkazilgani tufayli progul qilishga majbur bo’lgan vaqt uchun xodimga o’rtacha ish haqi yoxud kam haq to’lanadigan ishni bajargani uchun ish haqi o’rtasidagi farq to’lanadi, lekin majburiy progul muddati bir yildan oshmasligi kerak. Xodimning iltimosiga ko’ra, sud uni Ishga tiklash o’rniga majburan progul qilgan vaqti uchun ish haqi, ma’naviy zarar, ishdan bo’shatish yoki boshqa ishga o’tkazish yuzasidan sudga shikoyat qilish bilan bog’liq xarajat pulidan tashqari, kamida 3 oylik ish haqi miqdorida qo’shimcha qaq undirib berishi mumkin (O’zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksi, 111 —122-moddalar); xodim qonunsiz asoslarga muvofiq yoki belgilangan tartib buzilgan holda ishdan bo’shatilib, korxona, muassasa, tashkilotning tugatilganligi tufayli uni ishga tiklab bo’lmaydigan hollar ba’zan yuzaga keladi. Bu holda sud ishdan bo’shatishni noto’g’ri deb topib, xodimning da’vosi bo’yicha mazkur korxona, muassasa va tashkilotni tugatish komissiyasiga yoki ularni tugatish haqida qaror qabul qilgan organga, zarur hollarda esa korxonaning huquqiy vorisiga murojaat etib, ular zimmasiga bir yilga qadar davom etgan majburiy progul vaqti uchun xodimga ish haqi to’lash majburiyatini yuklaydi. Ayni vaqtda sud korxona, muassasa, tashkilot tugatilganligi munosabati bilan xodimni ishdan bo’shatilgan, deb topadi va u qo’shimcha yordam olish kafolatidan foydalanadi. Umuman, xodim Ishga tiklash bo’yicha da’vo bilan uni ishdan bo’shatish haqidagi buyruqdan ko’chirma berilganvaqtdan boshlab bir oy ichida sudga shikoyat qilishi mumkin.