Ishqalanish nima?
Ishqalanish deb — bir predmetning ikkinchi predmet sirtida harakatlanishi paytida ko’rsatiladigan qarshilikka aytiladi. Bu har qanday ikki predmet o’rtasida yuz berishi mumkin. Biz hayotda bajaradigan ishning ko’pgina turlari ishqalanishsiz yuz bermaydi. Ishqalanishsiz mashina qayishlari izidan chiqib ketishi, mix va shuruplar joyida ushlanib qolmasligi mumkin, oyoqlarimiz yerga ishqalanmay yo’lkalar bo’ylab oldinga siljiy olmaymiz, g’ildiraklar ishqalanishsiz o’z o’qi atrofida aylanadi-yu, lekin oldinga harakatlanmaydi. Shu bilan birga, ko’pgina hollarda, ayniqsa texnikada biz ishqalanishni iloji boricha kamaytirishga harakat qilamiz. Qattiq jismlar orasidagi ishqalanish asosan ularning sirtidagi notekisliklar tufayli yuzaga keladi. Jismlarning sirti qanchalik tekis bo’lsa, ishqalanish ham shu qadar kamayadi. Qizigi shundaki, har xil turdagi materiallarga nisbatan bir turdagi materiallar orasida ishqalanish ko’proq yuz beradi. Biz materiallar sirtini (masalan, dvigatellardagi podshipniklarni) moylaydigan bo’lsak, ishqalayaish kamayadi, shunday usulda biz suyuqliklarning ishqalanishini qattiq sirtlar ishqalanishiga almashtirgan bo’lamiz. Qattiq jismlarning ishqalanishi ikki xil yo’sinda yuz beradi. Bular dumalash va sirg’anishdir. Dumalanish paytida sirg’alishga nisbatan ishqalanish kamroq bo’ladi. Mana, nima uchun g’ildirak (koleso) insoniyatning eng ulug’vor kashfiyotlaridan biri hisoblanadi. G’ildirakning ixtiro etilishi tufayli surgalishni dumalanishga almashtirishning iloji topildi va buning oqibatida, ayniqsa yuklarni ko’chirish paytida ishqalanish ko’p martaga ozaytirildi. Quyidagi misollarni ko’rib chiqaylik. Yirik bir toshni olib, notekis bir joyga joylashtiraylik. Endi uni joyidan jildirish uchun o’nlab odamning kuchi talab qilinadi. Biroq bu toshni zambil g’altakka joylashtirilsa, uni olti kishi bemalol bir joydan ikkinchi joyga tashib o’tkazish mumkin. Tasavvur qilaylikki, ishqalanish butunlay bartaraf etilgan bo’lsin. U holda hech bir jism, hatto bahaybat, xarsang toshlar ham bir-birining ustida ushlanib qolmaydi: aksincha sirg’alib dumalanib tushib ketadi. Ishqalanish bo’lmasa, mixlar va vintlar ham devordan tushib ketadi, hech bir narsa qo’lda turmaydi, bironta ham girdob hech qachon to’xtamaydi, hech bir tovush tinmaydi, balki o’z devorlariga urilib uzluksiz aks-sado berib harakatlanib turadi.