Iskandarov G’oyibnazar Matmurodovich

Iskandarov G’oyibnazar Matmurodovich (1934.20.11, Toshhovuz — 1994.20.12, Toshkent) — aktyor, rejissyor. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1981). Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutining aktyorlik (1957) va rejissyorlik (1983) fakultetlarini tugatgan. Hamza teatrida aktyor (1954— 61), O’zbekiston televideniesida aktyor va rejissyor (1961-77), Jizzax teatrining bosh rejissyor (1977-81), Jizzax filarmoniyasining direktori (1981 -87), O’zbekiston radiosida rejissyor (1988-94). Asosiy rollari: Mo’min Mirzo (“Alisher Navoiy”), Omon (“yangi yer”), Nizom (“Hurriyat”) va boshqalar. Rejissyorlik qilgan asarlari: “Jamila” (Ch. Aytmatov), “shishali yurak” (L. Ustinov), “bevafo yakan” (A. Jamol, G’. Iskandarov) kabi telespektakllar; “zo’raki tabib” (Moler), “Oygul bilan Baxtiyor” (H. Olimjon), “Kelinlar qo’zg’oloni” (S. Ahmad) va boshqa spektakllar.