ISLOM

ISLOM (arab. Bo’ysunish, itoat etish, o’zini Alloh irodasiga topshirish) — jahonda keng tarqalgan uch dindan (buddizm va xristianlik bilan bir qatorda) biri. Islom diniga e‘tiqod qiluvchilar arabcha «muslim» («sadoqatli»; ko’pligi «muslimun») deb ataladi. «Muslim», «muslimun» so’zining boshqa xalqlar orasida o’zgacha talaffuz etish natijasida bu dinga e‘tiqod qiluvchilar turli nom bilan ataladi. Lekin bularning ichida hozir musulmon iborasi keng tapqalgan. Jahonda qariyb 1,2 mlrd.dan ortiq kishi Islomga e‘tiqod qiladi. Musulmonlarning 2/3 qismidan ko’prog’i Osiyoda yashaydi va bu qit‘a aholisining 20% idan ortiqrog’ini tashkil etadi. Qariyb 30% musulmonlar Afrikaga to’g’ri keladi (qit‘a aholisining deyarli yarmi). Dunyoda musulmon jamoalari mavjud bo’lgan 120 dan ortiq mamlakatdan 40 dan ziyodida musulmonlar aholining ko’pchiligini tashkil qiladi. Islom VII asrda Hijoz (G’arbiy Arabiston) da paydo bo’ldi. Uning asoschisi Muhammad (sav)dir. Muqaddasi kitobi Qur‘on. Islomning asosiy aqidasi – «Allohdan boshqa iloh yo’q va Muhammad uning rasuli». Islom dini 5 «asos» yoki «ustun»ga ega: 1) kalima keltirish; 2) namoz o’qish; 3) ro’za tutish; 4) zakot berish; 5) imkoniyat topilsa haj qilish.