ISLOM EKSTREMIZMI

ISLOM EKSTREMIZMI (extreme – oxiri, nihoyasi, so’nggi) — jamiyat, millat va davlat hayotini faqat diniy aqidalardan kelib chiqib keskin o’zgartirish va boshqarish zarurligini ilgari suruvchi tashkilotlar, oqimlar faoliyatidan iborat. Ular har qanday dunyoviy, demokratik tamoyillarni, milliy qadriyatlar va urf-odatlarni tan olmaslikka asoslangan reaksion mafkuraga tayanadilar. Diniy ekstremizm tarafdorlari qonuniy siyosiy hokimiyatni zo’ravonlik bilan egallashga urinadilar va bu yo’lda har qanday usullardan foydalanadilar. «Vahhobiylik», «Hizbut-tahrir», «Musulmon birodarlari», «Turkiston Islom harakati» kabi diniy ekstremistik oqimlar va tashkilotlar shular jumlasidandir. Diniy ekstrmistik guruhlar bugungi kunda noqonuniy ravishda moddiy boyliklarga ega bo’lish maqsadida talon-taroj, xunrezlik, yuridik va jismoniy shaxslar hayotiga tajovuz qilish bilan shug’ullanadilar. Diniy ekstremizmning bugungi kunda vujudga kelishi va o’sishining asosiy obyektiv va subyektiv omillari mavjud. Bular diniy va milliy o’zlikning keskin o’sishi, ma‘lum qatlamlar va guruhlarning kuch bilan siyosiy hokimiyatning ag’darib davlat va jamiyatni islomiylashtirishga intilishiga borib taqaladi. Diniy ekstremizmning eng dahshatli holati shundaki, u davlat, xalq chegarasini bilmaydi, g’araz niyatlarga to’siq bo’lmaganidek, bular ham o’rmalab tarqab boradi.