Islomov Hojisiddiq

Islomov Hojisiddiq (1893, hozirgi Farg’ona viloyati, Log’on qishlog’i — 1933, Toshkent) — ilk o’zbek professional aktyorlaridan. O’zbek teatri aktyorlik san’atida komediya janrining rivojlanishiga samarali hissa qo’shgan. Moskvadagi o’zbek drama studiyasida tahsil olgan (1924-27). 1917-24 yillarda Hamza tuzgan Farg’ona o’lka sayyor truppasida, 1927-33 yillarda Hamza teatrida aktyor. O’zbek xalq an’anaviy teatrini zamonaviy teatr bilan bog’lashga intilgan, hajviy obrazlar yaratgan. Eng yaxshi rollari: domla (“hujum”), tabib (“Halima”), domla (“Tuhmatchilar jazosi”), Pantalone (“Malikai Turandot”), Osip (“Revizor”) va boshqalar. Xushovoz xonanda ham bo’lgan. Kontsertlarda kulgili qo’shiqlar aytgan, qiziqchilik qilgan, Mirshohid Miroqilov bilan hajviy duet yaratgan.