Ispan tili
Ispan tili — ispanlar tili. Hind-Yevropa tillari oilasining roman tillari guruhiga mansub. Ispan tilida 320 milliondan ortiq kishi so’zlashadi (1990). Ispaniya va Lotin Amerikasidagi 19 mamlakatning (Peruda kechua, Boliviyada kechua va aymara, Puerto — Rikoda ingliz tili bilan bir qatorda) rasmiy tili. Filippin va AQSh ning Janubi-g’arbida ham tarqalgan. Jonli lotin tili asosida shakllangan, ko’p dialektli, lug’ati tarkibida Arab tilidan o’zlashgan so’zlar anchagina, ispan adabiy tiliga kastil dialekti asos qilib olingan. Shuning uchun Ispan tili 15-asrgacha “kastil tili” deb ham atalgan. Ispan tiliga oid dastlabki yozuv namunalari 10— 11-asrlarga oid rasmiy hujjatlarda uchraydi. Ispan tili tovush qurilishi uchun 5 unli, diftong va triftonglar xos. Urg’uning o’rni qat’iy emas. Ot va sifat turlanmaydi, jins va son kategoriyalari, artiklning 3 turi (aniq, Noaniq va nol) mavjud. Faqat kishilik olmoshlarigina turlanadi. Gapda so’zlar tartibi nisbatan erkin. Yozuvi lotin alifbosi asosida. Ispan tili — BMTning olti rasmiy va ish yuritish tilidan biri.